Kecha BAA Abu Dabi shahrida “Jahon media kongressi-2023” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Amirliklar axborot agentligi (WAM) bosh direktori, tashkiliy qo‘mita raisi Muhammad Jalol Al-Raisiy tashkilotchilar OAV ta’limi, kongressda yoshlar ishtiroki masalalariga alohida e’tibor qaratayotganini ta’kidladi.
– 100 oliy o‘quv yurti talabalarini kutib olishdan, ularni umumiy media maydonini shakllantirishga hissa qo‘shishga tayyorlashdan mamnunmiz, – dedi u. – Shuningdek, Innovatsion kengash, Kelajak media laboratoriyasi yordamida soha taraqqiyoti sari birga qadam tashlaymiz, OAV hamda sun’iy intellekt o‘rtasidagi munosabatni o‘rganamiz.
Abu-Dabi Milliy ko‘rgazmalar kompaniyasi (ADNEC) rahbari Humaid Matar Ad-Dxaxiriy ta’kidlashicha, ikkinchi bor o‘tkazilayotgan Jahon media kongressi faoliyatida rekord darajadagi faollik kuzatilmoqda.
Ko‘rgazma kompaniyalari va brendlari soni o‘tgan yilga nisbatan 33 foiz ko‘payib, 257 taga yetdi.
Ishtirokchi mamlakatlar ro‘yxatida 22 foiz o‘sish kuzatildi. Bu yil keladigan 172 davlatdan 31 tasi anjumanda birinchi marta ishtirok etadi.
Ko‘rgazmaning umumiy maydoni 78 foiz kengayib, 32 ming kvadrat/metrdan oshdi.
Uch kun davom etadigan kongressda 18 davlatdan media sohasi yetakchilari – 77 nafar ekspert ma’ruza qiladi.
Innovatsiya va eng so‘nggi texnologiyalar, sport jurnalistikasi hamda mediani rivojlantirishda ta’limning roli kabi qator dolzarb mavzular 36 ta asosiy sessiyada muhokama qilinadi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA