Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tadigan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining o‘n oltinchi sammitida ishtirok etish uchun 9 noyabr kuni mamlakatimizga keldi.
Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Sammit doirasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiyaviy va gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish hamda ushbu ko‘p tomonlama tuzilma faoliyatini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 28 noyabr kuni Ashxobod shahri mezbonlik qilgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) o‘n beshinchi sammitida ishtirok etgan edi.
O‘shanda mamlakatimiz yetakchisi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha qator aniq takliflarni ilgari surgan. Yakunda Prezidentimiz uchrashuv ishtirokchilarini O‘zbekistonda o‘tkaziladigan navbatdagi sammitga taklif qilgandi.
Ikrom AVVALBOEV,
Nosirjon HAYDAROV (surat), O‘zA