Birlashgan Millatlar Tashkilotining barcha yirik agentliklari rahbarlari yakshanba kuni kamdan-kam uchraydigan qo‘shma bayonot bilan chiqdilar. Ushbu hujjat G‘azoda oddiy aholi qurbon bo‘layotganidan keskin norozilikni aks ettirgan va mas’ullar Isroil – XAMAS urushi tomonlarini “zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish”ga chaqirgan. Bu haqda “Arab News” nashri yozdi.

– Deyarli bir oy davomida butun dunyo Isroil va qamal qilingan G‘azo hududidagi vaziyatni hayrat va dahshat bilan kuzatmoqda, – deydi BMT rahbarlari. – Raketalar oilalarni jarohatlashda davom etmoqda, o‘n minglab odamlar uyini tark etishga majbur bo‘ldi. Bu – dahshat. Eng yomoni – G‘azoda oddiy aholi o‘ldirilishi, 2,2 million falastinlikning oziq-ovqat, suv, dori-darmon, elektr energiyasi va yonilg‘idan mahrum bo‘lishi.

Bayonotni Bosh kotib o‘rinbosari Martin Griffits, Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar (OHCHR) Folker Tyurk, Xalqaro migratsiya tashkiloti  (IOM) direktori Emi Poup, Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) ijrochi direktori Ketrin Rassel, JSST rahbari Tedros Adanom Gebreyesus va boshqalar imzolagan.

– Tomonlarni xalqaro insonparvarlik va inson huquqi bo‘yicha majburiyatini bajarishga chaqiramiz, – deyiladi bayonotda. – Garovga olingan barchani tezda va so‘zsiz ozod etishga chaqiruvimizni takrorlaymiz. Zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish kerak. Yetarli!