Xitoy global yetakchilikka da’vogarlik doirasida yana bir bo‘shliqni faol ravishda o‘rgana boshladi. Yaqin kelajakda bu davlat odamsimon robot ishlab chiqarishga tayyorlanmoqda. Ilk namuna 2025 yil paydo bo‘ladi. Ushbu ma’lumotni XXR Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi rejasi tasdiqlaydi.
“Bloomberg” agentligi xabariga ko‘ra, Xitoy hukumati robototexnika sohasida faoliyat yurituvchi yosh kompaniyalarni rivojlantirish, ushbu sohada sanoat standartini belgilash, kadrlar tayyorlash va xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirish niyatida.
Hukumat rejasi e’lon qilingach, robototexnika kompaniyalari aksiyasi darhol qimmatlashdi. Darvoqe, miqdor nuqtai nazaridan dunyodagi birinchi elektronika ishlab chiqaruvchi sifatida, kelgusi ikki yil ichida Xitoy eng ilg‘or texnologiya, jumladan, zamonaviy sensor, harakatni boshqarish mexanizmi, mashina va odam o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir modeli yaratishga erishishi kutilyapti.
Hukumat robototexnika sohasida sun’iy intellektdan foydalanishni rag‘batlantirmoqda, ilg‘or a’zolar – yuqori harakatchan qo‘l va oyoqlar kashf etishga qaratilgan yangi tadqiqot o‘tkazishga chaqirmoqda.
Xitoyda 2027 yilgacha insonsimon robot “o‘ylash”, o‘rganish va “innovatsiya”ni namoyish etish imkoniga ega bo‘lishi ehtimoli kuchli. Bunday qurilmalar ishlab chiqarilishini qo‘llab-quvvatlash uchun mustahkam ta’minot zanjiri shakllantiriladi. Mutaxassislar bunday robot oziq-ovqat xarid qilishdan tortib, raqobat muhitida ishlashgacha odamlarga ishonib topshirilgan vazifani tobora ko‘proq bajara olishini taxmin qilishmoqda.
Ko‘plab Amerika kompaniyalari allaqachon ishlaydigan prototipni taqdim etishgan. Masalan, “Tesla Optimus” modeli ishlab chiqilyapti. “Boston Dynamics” esa allaqachon juda murakkab harakatga qodir “Atlas” modeli ustida ishlayapti. Kompaniya uch yil avval “Hyundai Motor Group” tomonidan 1,1 milliard dollarga qabul qilingan edi. Joriy yil yana bir amerikalik startap – “Figure” inson shaklidagi robot yaratish uchun 70 million dollar sarfladi.
G.Sattorova, O‘zA