BMT Falastin – Isroil nizosi bo‘yicha rezolyutsiyani kelishib oldi, biroq Xavfsizlik Kengashida emas, balki Bosh assambleyada. Afsuski, BA qarorini bajarish majburiy emas, chunki bunday hujjat tavsiyaviy kuchga ega, xolos.
Shunga qaramay, hozirgi sharoitda shuning o‘zi ham dunyoda hukmronlik qilayotgan hohish-iroda, kayfiyatning yaqqol namunasi sifatidan katta yutuq, deydi ekspertlar.
Yaqinda “RIA Novosti” ayni mavzuda e’lon qilgan maqolada, jumladan, shunday deyiladi:
1997 yil Bosh Assambleyaning 26 yillik tarixida ilk bor Falastin – Isroil kelishuviga bag‘ishlangan favqulodda sessiya chaqirilgan, biroq o‘shanda hech nimaga kelishib bo‘lmagan. Faqat ko‘pchilik davlat talabi bilan sessiyani istalgan vaqtda qayta davom ettirish bo‘yicha qarorga kelingan. So‘nggi sessiya 2018 yil bo‘lib o‘tgan edi.
Xavfsizlik Kengashidagi qarama-qarshiliklar
Xullas, muammoni BMT Xavfsizlik Kengashida hal qilishga urinib ko‘rildi, ammo veto huquqiga ega doimiy a’zolar manfaati to‘qnash kelishi sabab, masala ochiqligicha qolmoqda.
Tortishuv, vaziyatga nisbatan qarash bir-biriga zid kelishi tufayli tomonlarni birdek qoniqtiradigan rezolyutsiya variantini topib bo‘lmayapti. Ikki hafta ichida to‘rtta rezolyutsiya rad etilishi ushbu fikrni isbotlaydi.
Amerika bilan Braziliyaning bittadan, Rossiyaning esa ikkita rezolyutsiyasi tasdiqdan o‘tmadi. Tomonlar hujjatda aks etgan bandlar bo‘yicha kelisha olmayaptilar. Masalan, Qo‘shma Shtatlar ilgari surgan versiyada Isroilning o‘zini himoya qilish huquqi ta’kidlanadi. Rossiya shakllantirgan versiyada esa ikki tomonlama o‘t ochishni to‘xtatish talab qilingan.
Bundan tashqari Moskva Tel-Avivni “oddiy aholi va BMT xodimlari G‘azoning Vadi shimolidagi barcha hududlarni tark etib, janubga ko‘chib o‘tishi haqidagi buyruqni” bekor qilishga chaqirdi. Vashington esa bunga rozi bo‘lmadi. AQSHning BMTdagi doimiy vakili Linda Tomas-Grinfild Rossiyani ushbu hujjat versiyasiga rozi bo‘lmagani uchun qoraladi. Uning rossiyalik hamkasbi Vasiliy Nebenzya esa, o‘z navbatida, Amerika loyihasini “Xavfsizlik Kengashi a’zolaridan birining geosiyosiy manfaatiga xizmat qiladi” va keskinlikni pasaytirishga yordam bermaydi, deya ta’rifladi. Shuningdek, Moskva Braziliya loyihasiga bir necha tuzatish kiritishni taklif qildi, ammo bu tashabbus ham qo‘llab-quvvatlanmadi. Qo‘shma Shtatlarga hujjatning ushbu versiyasida Isroilning o‘zini himoya qilish huquqi to‘g‘risidagi band yo‘qligi yana yoqmadi. Natijada Bosh assambleya prezidenti Dennis Frensis bir qator delegatsiyalardan Yaqin Sharq bo‘yicha o‘ninchi favqulodda sessiyani qayta tiklash so‘ralgan xatni qabul qilib oldi.
AQSH yakkalanib qoldimi?
Arab mamlakatlari guruhi nomidan boshqa davlatlar, jumladan Rossiya bilan hammualliflikda tayyorlangan Navbatdagi rezolyutsiya loyihasini Iordaniya taklif qildi.
Hujjatdagi asosiy chaqiriq “zudlik bilan, uzoq muddatli va uzluksiz sulh tuzish, shundan so‘ng jangovar harakat to‘xtatilishi” (AQSH taklif qilganidek, “gumanitar pauza” emas) va G‘azodagi oddiy aholini himoya qilishga qaratilgan.
Rezolyutsiyani 120 davlat ma’qullab, 14 davlat qarshi fikr bildirdi, 45 davlat betaraf qoldi.
“Bu qandaydir milliy pozitsiyaning g‘alabasi emas, balki sog‘lom fikr, adolat va insonparvarlik mulohazasi g‘alabasi”, – deya izoh berdi Vasiliy Nebenzya ovoz berish natijasiga to‘xtalar ekan.
Kanada XAMAS hujumini qoralab, garovga olinganlarni zudlik bilan ozod qilishni talab etuvchi tuzatish kiritdi, ammo bu band ma’qullanmadi. Natijada Isroilning BMTdagi doimiy vakili Gilad Erdan rezolyutsiyani sharmandalik, deb atadi. Hujjatning unga ma’qul kelmagani sababi XAMAS hujum qilgani eslatilmagani bilan bog‘liq. Linda Tomas-Grinfild fikricha, bu “shafqatsizlikni himoya qiladigan” yomon niyatli kamchilikdir”.
“The Guardian” nashri diplomatik muharriri Patrik Ventur vaziyatga “amerikaliklarni umidsizlikka yuzlantirgan natija, deya ta’rif berdi. “AQSH yakkalanib qoldi: faqat 12 mamlakat Vashington va Isroilga qo‘shildi”, — dedi u.
Hatto, Vashingtonning eng ishonchli ittifoqchilari – Kanada, Avstraliya, Germaniya, Yaponiya kabi davlatlar ham qarshi ovoz berishdan bosh tortib, jarayondan o‘zini tiygan.
Endi Bosh assambleya nima qila oladi?
Yuqorida Bosh assambleya qarori majburiy emasligi, asosan tavsiya vazifasini bajarishi aytib o‘tilgan edi. Binobarin, tinchlikni saqlash BMTning asosiy vazifasi ekanini ham unutmaylik. Ayni vaziyatda BA Xavfsizlik Kengashiga ta’sir o‘tkazishga qodir. XK doimiy a’zolari Falastin – Isroil ziddiyatini hal qila olmasligi bilan bog‘liq muammo kecha yuzaga kelmagan. 1950 yil 3 noyabr kuni BA bu borada 377 (V) qarorini qabul qilgan.
“Agar Xavfsizlik Kengashi doimiy a’zolar o‘rtasidagi kelishmovchilik tufayli xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash bo‘yicha asosiy vazifasini muntazam bajara olmasa, BA masalani zudlik bilan ko‘rib chiqadi. Tashkilot a’zolariga jamoaviy chora-tadbir qabul qilish, zarur bo‘lganda xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash yoki tiklash uchun qurolli kuchlardan foydalanish bo‘yicha zarur tavsiya berishni ko‘zda tutadi.
Masalan, 1956 yil Suvaysh inqirozi davrida Fransiya va Buyuk Britaniya Xavfsizlik Kengashiga Misrdan qo‘shinlarni olib chiqish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani to‘xtatgan edi. Bosh Assambleyaning favqulodda sessiyasi harbiy harakatni to‘xtatish va Suvaysh kanalini ochishni talab qildi. Mintaqaga xalqaro kontingent jo‘natildi. Bu BMT tinchlikparvar kuchlari birinchi missiyasi edi. O‘tgan yil Lixtenshteyn rezolyutsiyasi, deb atalgan hujat qabul qilindi. Ushbu hujjatga ko‘ra, XKda veto huquqidan foydalangan mamlakat Bosh Assambleyaga tushuntirish uchun chaqirilishi mumkin.
Xullas, Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashgach, qiyin vaziyatlarda BMTning kutishga vaqti yo‘q. Assambleya sessiyasini davom ettirish osonroq. Qo‘shma Shtatlar tutgan pozitsiyaga va Isroilning ochiq qarshiligiga qaraganda, 1956 yildagi vaziyat takrorlanmaydi.
S.Rahimov, O‘zA