Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz“ markaziy ko‘rgazmalar majmuida Shanxay hamkorlik tashkiloti birinchi transport forumi o‘z ishini boshladi.

Forumda SHHTga a’zo davlatlar transport vazirlari, vazir o‘rinbosarlari, temir yo‘l ma’muriyati rahbarlari, transport-logistika korxonalari vakillari ishtirok etmoqda.

Tadbirni transport vaziri Ilhom Mahkamov kirish so‘zi bilan ochib, Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkiloti birinchi transport forumining o‘tkazilishi soha vakillari uchun muhim voqea ekanini qayd etdi. Murakkab geosiyosiy vaziyat davrida forum transport sohasidagi dolzarb muammo va chaqiriqlar, istiqbolli loyihalar, jumladan, samarali xalqaro transport yo‘nalishlarini yaratish masalalarini muhokama qilish, shuningdek, SHHT mamlakatlarining transport-kommunikatsiya aloqalarini yanada rivojlantirish strategiyasi va mexanizmlarini aniqlash imkonini beradi.

Forum doirasida transport-logistika masalalari yuzasidan muhim tadbirlar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot uchun aytish joiz, SHHTning 2022 yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan Samarqand sammitida davlatimiz rahbari tomonidan Tashkilotning birinchi xalqaro transport forumini o‘tkazish tashabbusi ilgari surilgan edi.

Mazkur Shanxay hamkorlik tashkiloti birinchi transport forumi 3 noyabrga qadar davom etadi.

Shahnoza Mamaturopova,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA