Parijda 1835 yil tashkil etilgan axborot agentligi – “AFP” xabar berishicha, Prezident Emmanuel Makron “Fransuz tiliga ehtirom” monumentining ochilish marosimida ishtirok etdi. Ob’ekt muzey, kutubxona, ko‘rgazma zali va majlislar zalidan iborat Fransuz tili markazi oldida qad rostladi.

Odatda Fransiya Prezidentlari madaniyat sohasiga oid “buyuk loyiha yaratish”ni xush ko‘radilar. O‘ztgan arning 80-yillarida sobiq yetakchi Fransua Mitteran aytganidek, rahbarlar o‘z nomini tarixda “qoldirish” imkoniga ega. Masalan, Mitteran Luvr muzeyini shisha piramida bilan o‘zgartirgan, Milliy kutubxona barpo etgan. Jorj Pompidu Parij markazida zamonaviy San’at muzeyi qurdirgan. Sena daryosi sohilidagi Jahon madaniyati muzeyi  esa Jak Shirakdan esdalik.

Bunday loyihalar hozir urfdan qolayotgan bo‘lsa-da, 2017 yil prezidentlikka nomzodlik paytidayoq Viller-Kotre shaharchasidagi vayrona-cherkovni ko‘z ostiga olgan Makron 1539 yil qirol Fransua I tomonidan ta’mirlangan Uyg‘onish davri qasri rekonstruksiyasiga bosh-qosh bo‘lib, binoni Fransuz tili xalqaro markaziga aylantirilishiga sababchi bo‘ldi. U markaz qoshidagi sun’iy intellektli mexanizm bilan jihozlangan yirik kutubxona, interaktiv ko‘rgazma, turli o‘yin va madaniy tadbirlar yiliga o‘rtacha 200 000 nafar mijozni jalb qilishidan umidvor.

– Dunyo bo‘ylab fransuz tilida ishlaydigan, ijod qiladiganlarning bari Viller-Kotre shaharchasida o‘zini uyidagidek his qilishi kerak, – deyiladi Yelisey saroyi bayonotida.

Madaniyat vaziri Rima Abdul Malak “AFP” muxbiriga aytishicha, bu maskan “frankofoniya olamining yuragi”ga aylanadi. Qal’a esa “fransuz tarixi va me’morchiligining yuksak namunasi”.

Fransuz tili markazi uchun “Uch mushketyor” va “Graf Monte-Kristo” asarlari muallifi Aleksandr Dyuma tug‘ilgan shahar – Viller-Kotre munosib tanlov. Parijdan 80 kilometr masofada joylashgan 10 ming kishilik kichik shaharcha mamlakat shimoli-sharqida joylashgan.

– Dunyoda o‘z o‘rniga ega fransuz tili rivoji uchun tashkil etilgan muassasa millat boyligini asraydigan maskandir, – deya xulosa qilingan bayonotda.

Muharrama Pirmatova,

O‘zA