Bu yil 20 ta, 2024 yilda esa yana 38 ta kichik va mikro GES qurish reja qilingan.

Gidroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar va energetika tizimini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha vazifalar ijrosi yuzasidan o‘tkazilayotgan yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev bu haqda ma’lum qildi.

Bu borada Andijon viloyatida ishlar yaxshi boshlangani, lekin Farg‘ona, Surxondaryo, Namangan, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo va Toshkent viloyatida bu yilgi 15 ta kichik va mikro GESni qurish loyihasi kechikayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Mutasaddilarga qurilish ishlarini jadallashtirish, qo‘shimcha zaxiralarni topishga ko‘rsatma berildi.

Misol uchun, Norin daryosida kaskadlar qurib, 230 megavatt quvvatlarni ishga tushirish va Namangandagi 450 ming aholiga yetarli elektr ishlab chiqarish imkoniyati bor.

“O‘zbekgidroenergo”ga 6 ming megavatt quvvatlarni ishga tushirish bo‘yicha besh yillik dastur ishlab chiqish va xususiy sheriklik asosida yirik xorijiy energetika kompaniyalarini jalb qilish topshirildi.

Toldiqsoy, Mullalak, Qorong‘i-to‘g‘ay, Yuqori Pskom va Norin yirik GESlarini qurish loyihalari doirasida esa texnik-iqtisodiy asoslar ishlab chiqishni yakunlash va xorijiy investorlarni jalb qilish vazifasi qo‘yildi.

 

O‘zA