Poytaxtimizdagi Olimpiya va paralimpiya shon-shuhrati muzeyida Fransiyaning Parij shahrida iyul-avgust oylarida bo‘ladigan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etadigan O‘zbekiston sport delegatsiyasini kuzatish marosimida bayroqdorlar nomi e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, boks bo‘yicha jahon chempioni Abdumalik Xalakov hamda qilichbozlik bo‘yicha “Xanchjou-2022” yozgi Osiyo o‘yinlarining oltin va bronza medallari sohibi Zaynab Dayibekova «Parij-2024» XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi bayroqdorlari ekanligi ma’lum qilindi.
Tadbirda mamlakatimiz bayrog‘i A.Xalakov va Z.Dayibekovaga tantanali ravishda topshirildi.
O‘tgan Olimpiya o‘yinlari tarixiga nazar tashlasak, “Atlanta-1996” XXVI yozgi Olimpiya o‘yinlarida bokschi Timur Ibragimov, “Sidney-2000” XXVII yozgi Olimpiya o‘yinlarida bokschi Muhammadqodir Abdullayev, “Afina-2004” XXVIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida Abdullo Tangriyev, “Pekin-2008” XXIX yozgi Olimpiya o‘yinlarida bokschi Dilshod Mahmudov, “London-2012” XXX yozgi Olimpiya o‘yinlarida bokschi Elshod Rasulov, “Rio-2016” XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida Bahodir Jalolov va “Tokio-2020” XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida Bahodir Jalolov va Nigora Tursunqulova O‘zbekiston sport delegatsiyasi bayroqdorlari bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlari 26 iyul-11 avgust kunlari bo‘lib o‘tadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA