Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda  dastlab “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlarda ishlarni ko‘rishda prokurorning vakolatlarini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini sud yo‘li bilan ta’sirchan himoya qilishga erishishda sudlarda ishlar ko‘rilishida ishtirok etuvchi prokurorlar faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish odil sudlovni ta’minlashning muhim omillaridan biri hisoblanadi.

Mazkur qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlarda ishlar ko‘rilishida prokuror davlat manfaatlarini himoya qilish maqsadida yerga oid huquqiy munosabatlar, davlat mulki, atrof-muhitni muhofaza etish haqidagi qonunchilik buzilishi, davlat byudjetidan undiruvlar, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish, xususiy mulk sifatida egalik qilish va undan foydalanish faktini aniqlash hamda bojxona to‘lovlarini undirishga oid ishlarda ishtirok etishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Shuningdek, prokurorning ishtirok etishi nazarda tutilgan fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy ishlar bo‘yicha prokuror sud majlisi vaqti va joyi to‘g‘risida belgilangan tartibda xabardor etilmagan bo‘lsa, prokuror ushbu ishlarni suddan talab qilib olib o‘rganishi hamda ular bo‘yicha protest keltirishi mumkinligi mustahkamlanmoqda.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar ayrim hollarda davlat boji to‘lashdan ozod qilinadi 

Majlisda “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 11-moddasiga qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi bilan yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar – ular uchun davlat tomonidan ikkilamchi bozordan olingan uy-joy ularning nomiga rasmiylashtirib berilganligi uchundavlat bojini to‘lashdan ozod qilish belgilanmoqda.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Elektron (raqamli) dalillar bilan ishlash tizimi takomillashtirilmoqda

Kun tartibidagi navbatdagi masala — “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga elektron (raqamli) dalillar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.

Bugungi kunda jahon miqyosida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari shiddat bilan rivojlanmoqda hamda elektron (raqamli) dalillar dalillarning yangi turi sifatida paydo bo‘lmoqda.

Barcha sohalarda raqamlashtirish keng joriy etilayotgan hozirgi sharoitda g‘araz niyatli shaxslar tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanib hamda kibermakonda sodir etilayotgan huquqbuzarliklar soni ham ortib bormoqda.

Ayniqsa, kibermakonda sodir etilayotgan mulkiy turdagi jinoyatlarning ijtimoiy xavflilik darajasi yuqoridir. Bunday jinoyatlardan jabrlanganlar soni va zarar ko‘lami oshib bormoqda. Yer yuzining istalgan hududida turib, mol-mulkni talon-toroj qilish imkoniyatining mavjudligi ham mazkur jinoyatlarni aniqlash va fosh etishning murakkabligi bilan izohlanmoqda.

Keyingi paytda jinoyatchilar aholining bankdagi pullarini talon-toroj qilishda yangi usullardan foydalanmoqda. Xususan, dasturiy apparat qurilmalari yordamida qonunga xilof tarzda bank kartasi yoki boshqa to‘lov kartalarining nusxasini yasash, soxtalashtirish orqali o‘zganing bank hisobidagi yoxud elektron to‘lov hamyonidagi pullari talon-toroj qilinmoqda.

O‘z navbatida, huquqni qo‘llash amaliyotidagi elektron (raqamli) ma’lumotlarni dalil deb topish va ish hujjatlariga qo‘shish bilan bog‘liq muammolar jinoyatni fosh etish bilan bog‘liq faoliyatda qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda.

Shu munosabat bilan elektron (raqamli) dalillarni qabul qilib olish, tekshirish va baholash tartibiga oid normalarni O‘zbekiston Respublikasining tegishli qonunchilik hujjatlariga kiritish zarurati yuzaga kelmoqda.

Ushbu qonun loyihasi bilan tergov hamda sud jarayonida ishtirokchilarning huquq va erkinliklarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yutuqlaridan foydalangan holda samarali himoya qilishni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga elektron (raqamli) dalil tushunchasinielektron (raqamli) dalillarni aniqlashnito‘plashnitaqdim qilishnitekshirishnibaho berishniqayd etishni hamda saqlash tartiblarini, shuningdek bu mazkur jarayon ishtirokchilarining huquq va majburiyatlarini belgilashni nazarda tutvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Maxsus iqtisodiy zonalarning ma’muriy kengashlari tugatiladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarish tizimini soddalashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.

Mazkur qonun loyihasi bilan maxsus iqtisodiy zonalarning ma’muriy kengashlari tugatilib, ularning vazifalari maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalari hamda yagona direksiyalarga yuklatilishi nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, maxsus iqtisodiy zonalar hududida investitsiya loyihalarini joylashtirish bo‘yicha qarorlar qabul qilish muddatlarini optimallashtirish, investitsiya loyihalarining biznes-rejalari yoki texnik-iqtisodiy asoslariga ekspertiza xulosalari olish talabi bekor qilinib, loyihalarning qonun loyihasida aks etayotgan talablarga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalari tomonidan mustaqil ravishda qabul qilinishi belgilanmoqda.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Tungi vaqtda fuqarolarning osoyishtaligini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik kuchaytirilmoqda

Majlisda ko‘rib chiqilgan navbatdagi hujjat — “Aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bo‘ldi.

Ushbu qonun loyihasi mamlakatda aholining salomatligiga, osoyishtaligiga ularning normal dam olishiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi zararli shovqinlarga qarshi kurashish masalalarini kompleks tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan. Bugungi kunda shovqinning zararli ta’siri me’yorlarini nazarda tutuvchi 7 ta sanitariya norma va qoidasi amal qilsa-da, qonunchilikda bu borada qat’iy talablar belgilanmagan.

Loyiha bilan aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilishning asosiy prinsiplari, atrof tabiiy muhitga shovqin orqali zararli ta’sir ko‘rsatganlik uchun kompensatsiya to‘lovlari, aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish sohasidagi davlat organlarining vakolatlari belgilab qo‘yilmoqda.

Bundan tashqari, davlat organlari, jismoniy va yuridik shaxslarning aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish sohasidagi vazifa va funksiyalari hamda javobgarlik sohalarinining aniq chegaralari belgilanmoqda. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish sohasidagi vakolatli organ sifatida e’tirof etilmoqda.

Qonun loyihasi bilan fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzadigan harakatlarning qat’iy ro‘yxati tasdiqlanmoqda, shuningdek fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzishga yo‘l qo‘yilmaydigan vaqtlar oralig‘i belgilanmoqda.

Ya’ni, tungi vaqtda — sutkaning soat 23:00 dan 06:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida, shuningdek dam olish kunlari va qonunchilik bilan belgilangan ishlanmaydigan bayram kunlari soat 22:00 dan 09:00 gacha vaqt oralig‘ida — fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikni kuchaytirish taklif etilmoqda. Bunga ko‘ra, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilab qo‘yilmoqda. Amalda mazkur huquqbuzarliklar uchun jarimalar miqdori fuqarolarga – 113 ming so‘m, mansabdor shaxslarga esa 113 ming so‘mdan 226 ming so‘mgacha bo‘lgan miqdorni tashkil etadi.

Deputatlarning ta’kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatimizda aholining qulay tabiiy muhitda hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, ularning salomatligi va osoyishtaligini har qanday zararli shovqinlar ta’siridan himoya qilish borasida samarali huquqiy mexanizmlarni yaratishga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

O‘zA