Vatan sha’nini ulug‘lash, hur bayrog‘imizni xalqaro sport maydonlarida yuksaltirish mahoratli sportchilarimizning qalb-qo‘riga jo bo‘lgan muqaddas to‘yg‘u.
Tadbirda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar inson manfaatlari, xalqimizning ezgu orzu-istaklari roʻyobiga xizmat qilayotgani taʼkidlandi. Ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan yosh avlodni jismoniy va maʼnaviy yetuk, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga qaratilayotgan doimiy eʼtibor oʻz samaralarini berayotgani alohida eʼtirof etildi.
Darhaqiqat, sportchilarimizning jahon arenalarida qoʻlga kiritayotgan gʻalabalari, davlatimiz madhiyasi yangrab, bayrogʻimiz baland koʻtarilayotgani qalbimizga faxr-iftixor bagʻishlaydi. Hech bir soha mamlakatni sportchalik dunyoga tez tanita olmaydi. Buni Olimpiya va Osiyo oʻyinlari, jahon va qitʼa chempionatlarida yuksak gʻalabalarni qoʻlga kiritayotgan matonatli sportchilarimiz faoliyati misolida ham koʻrish mumkin.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Norboyeva, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti O.Umarov, Davlat xavfsizlik xizmati raisi, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi raisi A.Azizov, Oʻzbekiston Respublikasi sport vaziri A.Ikromov, Milliy olimpiya qoʻmitasi bosh kotibi O.Qosimov va boshqa rasmiylar ishtirok etdi.
Soʻnggi yillarda Yangi Oʻzbekistonning yangi gʻalabalarini taʼminlashda sportning oʻrni beqiyosligi, yurtimizda jismoniy tarbiya va sport yildan-yilga rivojlanib yangi bosqichga koʻtarilayotgani qayd etildi. Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 26-iyul – 11-avgust kunlari Parij shahrida boʻlib oʻtadigan XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlariga sportchilarning har tomonlama tayyorligi va muvaffaqiyatli ishtirokini taʼminlash uchun barcha sharoit yaratib berilgani taʼkidlandi. Davlatimiz rahbari yigit-qizlarimizni turnir davomida ham qoʻllab-quvvatlab turishlari maʼlum qilindi.
Sportchilar nomidan soʻzga chiqqan dzyudo boʻyicha jahon chempioni Muzaffarbek Toʻraboyev, boks boʻyicha ayollar oʻrtasida Oʻzbekistonning birinchi jahon chempioni Nigina Oʻktamova Olimpiya oʻyinlaridan yuksak gʻalabalar bilan qaytishga vaʼda berdi. Bu gʻalaba mustaqilligimizning 33-yilligiga munosib tuhfa boʻlishini taʼkidlashdi.
Tadbirda “Parij – 2024” Olimpiya oʻyinlari gʻolib va sovrindorlariga davlat tomonidan beriladigan mukofot pullari miqdori maʼlum qilindi. Jumladan, Olimpiada chempionlari 200 ming, kumush medal sohiblari 100 ming, bronza medal sovrindorlari 50 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi.
Aytish lozimki, 2020-yilda oʻtkazilgan Tokio Olimpiadasida 67 nafar sportchimiz ishtirok etgan edi. Joriy yilgi “Parij – 2024” oʻyinlarida 70 nafardan ziyod sportchi qatnashadi. Eʼtiborlisi, futbol boʻyicha Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasi birinchi marta ishtirok etmoqda. Bundan tashqari sportchilarimiz dzyudo, boks, akademik eshkak eshish, badiiy gimnastika, baydarka va kanoeda eshkak eshish, yengil atletika, ogʻir atletika, sport gimnastikasi, suzish, taekvondo (WTF), oʻq otish, erkin va yunon-rum kurashi kabi sport turlari boʻyicha mamlakatimiz sharafini himoya qilishadi. Ular orasida nufuzli musobaqalar, jahon chempionatlari gʻolib va sovrindorlari boʻlgan tajribali sportchilar bilan bir qatorda ilk marotaba ishtirok etadigan yosh sportchilar ham koʻpchilikni tashkil etadi.
– Tokioda oʻtgan Olimpiya oʻyinlarida bronza medalini qoʻlga kiritgan edim, – deydi dzyudo boʻyicha Osiyo va jahon chempioni, Olimpiya oʻyinlari sovrindori Davlat Bobonov. – Prezidentimiz meni “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sport ustozi” faxriy unvoni bilan taqdirladi. Bu yilgi Olimpiadada albatta oltin medalni qoʻlga kiritaman. Xalqimizning ishonchini oqlash uchun bor kuch-gʻayratimni sarflayman.
– Bu galgi Olimpiadada ikkinchi oltin medalimni qoʻlga kiritib, yorugʻ yuz bilan qaytishni maqsad qildim, – deydi boks boʻyicha jahon va qitʼa chempioni, Osiyo va Olimpiya oʻyinlari gʻolibi Bahodir Jalolov. – Davlatimiz tomonidan bizga koʻrsatilayotgan ulkan eʼtibor va gʻamxoʻrlikka javoban Olimpiya oʻyinlarida yuksak natijalarga erishish uchun bor salohiyatimizni ishga solamiz.
Tadbirda Oʻzbekiston sport delegatsiyasining “Parij – 2024” yozgi Olimpiya oʻyinlaridagi rasmiy va sport liboslari namoyish etildi.
Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov duoga qoʻl ochib, Parijga yoʻl olayotgan delegatsiyamiz vakillariga oq yoʻl va omad tiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri, taniqli shoir Nodir Jonuzoqning sportchilarimiz sharafiga bagʻishlab yozgan sheʼri barchaga manzur boʻldi.
OQ YOʻL
Chaqmoq kabi chaqnadingiz, toshdingiz-ku misli sel,
Mardi maydon kurashdir bu – tushayapsiz bogʻlab bel,
Duo bilan kuzatmoqda sizni bugun katta el,
Zoʻrlar ichra eng zoʻr boʻlib, masrur, gʻolib qaytingiz,
Shoda-shoda medallarni yurtga olib qaytingiz.
Chil bersam, der har elatning epchil-chaqqon, quvlari,
Quvvat boʻlgay sizga Vatan tafti, havo, suvlari,
Ey, elimning sherday yigit, kiyikday suluvlari,
Shohsupaga sakrab chiqib, baxtdan yonib qaytingiz,
Shoda-shoda medallarni yurtga olib qaytingiz.
Boshingizda yalov boʻlsin Oʻzbekiston bayrogʻi,
Madhiyamiz mavjlariga toʻlsin Yerning har yogʻi,
Saodatdan mijjangizga tomchi yosh qalqqan chogʻi –
Tole, iqbol sharbatiga qonib-qonib qaytingiz,
Shoda-shoda medallarni yurtga olib qaytingiz.
Dilbandim der sizni suyib olim, ishchi, choʻpon ham,
Tikilgaydir sizga atab shoyi, zarhal chopon ham…
Qoyil, desin, olqishlasin farang, olmon, yopon ham,
Raqiblarning dillariga armon solib qaytingiz,
Shoda-shoda medallarni yurtga olib qaytingiz.
Ey, Siz – Olimp choʻqqisiga chilvir otgan bahodir,
Suyanchiqdir ortingizda har qadrdon togʻ, adir,
Tanangizda mard bobolar toza qoni oqadir,
Neki gʻirrom, neki egri boʻlsa – tonib qaytingiz,
Shoda-shoda medallarni yurtga olib qaytingiz.
Oltin, kumush harflar ila yozilgaydir bul sana –
Siz tufayli har bir uyda boʻlsa toʻyu tantana.
Yurtboshining ishonchini, mehrini oqlab yana,
Quvontirib butun xalqni ham quvonib qaytingiz,
Shoda-shoda medallarni yurtga olib qaytingiz!
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov ishtirok etdi.
Javohir TOSHXO‘JAEV,
To‘lqin RO‘ZIEV
O‘zA muxbirlari