Prezident Shavkat Mirziyoyev gidroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar va energetika tizimini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha vazifalar ijrosi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazmoqda.

Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda gidroenergetika sohasini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda, chunki GESlar ishlab chiqariladigan elektr tannarxi boshqa manbalarga nisbatan ancha arzon, ular energetikada kunlik energiyani barqaror ta’minlashda eng samarali vositadir.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, yurtimizdagi gidroenergetika salohiyati 8 ming megavattni tashkil qiladi. Ayniqsa, Toshkent, Surxondaryo va vodiy viloyatlarida bu borada katta salohiyat bor.

Joriy yilda “To‘palang” GESni modernizatsiya qilish ishlari yakunlanib, uning quvvati 30 megavattdan 175 megavattga oshdi. “Darg‘om” kanalida 7,2 megavattli “Shaudar” GESi foydalanishga topshirildi.

Lekin hozirda jami gidroenergetika quvvatlari mavjud salohiyatga nisbatan 2-3 barobar kam.

Shu bois, yangi loyihalarni boshlash bo‘yicha katta marralar olingan. Sohaga xususiy sektorni keng jalb qilish uchun barcha sharoit yaratib berilgan.

 

O‘zA