Eng avvalo kon xavfsizligi uchun sarmoya kiritish zarur. Qozog‘istonning Qarag‘andi viloyatidagi fojia tufayli “mashhurlikka erishgan” “ArselorMittal Temirtau” kompaniyasining yangi mulkdorlariga xuddi shunday shart qo‘yildi. Bu haqda “Kazinform” muxbiriga mintaqa rahbari ma’lum qildi.
– Ayni payt davlat va hukumat tomonidan qo‘yilayotgan asosiy shart, albatta, ham po‘lat departamenti tarkibidagi kombinatning o‘ziga, ham ko‘mir departamentiga ishlab chiqarish yo‘nalishida investitsiya kiritish, – deydi Qarag‘andi viloyati akimi. – Bu mas’ullar bajarishi lozim bo‘lgan ilk vazifa. Shuningdek, asosiy jamg‘armalarni ham yangilash kerak. Jumladan, birinchi navbatda, xavfsizlikka e’tibor qaratish zarur.
Hozircha Ko‘mir departamenti vazifasini bajaruvchi etib Vadim Basin tayinlandi. U allaqachon avvalgi ishi – Qarag‘andi viloyati akimi o‘rinbosarligini tark etdi. Bu ma’lumotni akim ham tasdiqladi.
– Ha, Vadim Basin viloyat akimatidagi lavozimidan ketdi, – dedi viloyat rahbari Yermaganbet Bulekpayev.
“ArselorMittal”ga tegishli shaxta, fabrika va zavodlar
“ArselorMittal Temirtau” kompaniyasiga qarashli Kostenko nomli konda yuz bergan portlash oqibatida halok bo‘lgani aniqlangan insonlar hozircha 45 kishini tashkil etmoqda. Afsuski, bu mazkur korxona bilan bog‘liq o‘lim bilan tugagan yagona favqulodda voqea emas: bor-yo‘g‘i ikki oy muqaddam “ArselorMittal Temirtau”ga tegishli “Qozog‘iston” shaxtasida 5 nafar konchi halok bo‘lgandi. 2016 yildan buyon AMT konlarida avariyalar tendensiyasi kamaymayapti. Bugun hukumatga mazkur kompaniya bilan sarmoyaviy hamkorlikni to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Binobarin, ushbu korxona qaramog‘ida nafaqat konlar, balki faoliyati boshqa sohalarga yo‘naltirilgan turli muassasalar ham bor.
Qozog‘istonda 1995 yil 17 noyabr kuni Qarag‘andi metallurgiya kombinatining “LNM Group” ixtiyoriga berilishi bilan tuzilgan kompaniya “Ispat-Karmet” OAJ nomi bilan ish boshlagan. 2004 yil jamiyat “Mittal Stil Temirtau” AJga, 2007 yil esa “ArselorMittal Temirtau” AJga aylantirilgan.
1996 yil iyunda korxonada yiliga 7 million tonnadan ziyod qazib olish quvvatiga ega ko‘mir departamenti tashkil qilindi. Hozir mazkur departament tarkibida viloyatdagi 8 ta – Abay (1961 yil ochilgan), Saran (1955 yil), Qozog‘iston (1969 yil), Shaxta (1973 yil), Tentek (1979 yil), Kostenko nomli (1934 yil), Lenin nomli (1964 yil) va Kuzembayev nomli (1959 yil) konlar mavjud.
Kompaniya “Sharqiy” markaziy kon-boyitish fabrikasiga ham egalik qiladi. 1980 yil foydalanishga topshirilgan bu zavodning loyiha quvvati yiliga 6 million tonnaga teng bo‘lib, mamlakatdagi eng yirik ko‘mirni qayta ishlovchi korxona hisoblanadi.
Bundan tashqari Qarag‘andi viloyati hududi (Qarag‘andi, Saran, Abay, Shaxta maskanlari)da “Kon-shaxta mashinalari” zavodi, “Ko‘mirservis” ixtisoslashgan kon payvandlash-sozlash korxonasi, “Ixtisoslashgan shaxtapayvanddegazatsiya”, Texnologiya transporti, kon qurilishi kafedralari, “Energoko‘mir” va yuklash-transport boshqarmasi, Qarag‘andi ko‘mir elektr stansiyasi kabi qo‘shimcha yer usti korxonalari joylashgan.
Kompaniya Markaziy va Shimoliy Qozog‘istonda 4 ta yirik temir-ruda korxonasiga ega. Bu korxonalar Lisakovsk, Kentob, Atasu, Atansor konlaridan temir rudasini qazib olish hamda 2 ta issiqlik energetika markazi – “Pauer Netvorks» va “Energoko‘mir”da qayta ishlash va boyitish bilan shug‘ullanadi.
Shuningdek, “ArselorMittal” boshqaruvida “ArcelorMittal Tubular Products Aktau” AJ ham bor. Bu zavod Qozog‘istondagi yirik diametrli po‘lat quvur ishlab chiqaradigan yagona korxona hisoblanadi.
G‘.Xonnazarov tayyorladi.
O‘zA