Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida dasturiy ma’ruzasida diplomatiyani mustahkamlash uchun, avvalo, mudofaani kuchaytirish kerakligini ta’kidlab, jumladan shunday degan:
– Tashqi siyosatni mustahkamlash uchun Yaponiya kuchli mudofaa tizimiga ega bo‘lishi lozim. Xalq hayotini, mamlakat hududini, havo va suv kengligini muhofaza qilish, mudofaa qobiliyatimizni kuchaytirish uchun kelgusi besh yilda 43 trillion iyena (318 milliard dollar) yo‘naltiriladi.
Joriy yil iyun oyida kun chiqar yurt parlamenti mudofaa xarajati oshirilishini ko‘zda tutuvchi moliyaviy manbalar to‘g‘risida qonun qabul qilgandi. Harbiy xarajat ko‘payishi uchun soliqqa tortilmaydigan manbalar taqdim etilishi ko‘rsatilgan.
Hukumat 2023-2027 yillar davomida harbiy xarajatni 43 trillion iyena (318 milliard dollar) oshirish niyatida. Bu hozirgi ko‘rsatkichdan 17 trillion iyena (taxminan 126 milliard dollar) ko‘p. Soliqdan tashqari tushumni ta’minlash maqsadida “Mudofaa salohiyatini kuchaytirish jamg‘armasi” tashkil etiladi. Korporativ soliqni oshirish hisobiga o‘sgan xarajatni qisman qoplash rejalashtirilgan, biroq bu chora, hatto, hukmron partiya ichida ham o‘ta nomaqbul yo‘l sifatida qabul qilingan. Shu bois yangilikni joriy qilish bir yil, ya’ni 2025 yilga ko‘chirildi.
Mudofaa salohiyatini mustahkamlash jamg‘armasi joriy yil byudjetiga kiritilgan va uzoq muddatli mudofaa ehtiyoji uchun mo‘ljallangan, soliqdan tashqari tushgan 4,5 trillion iyena (34 milliard dollar)ni taqsimlash uchun javobgar.
O‘tgan yil dekabr oyi o‘rtalarida mudofaa va xavfsizlik bo‘yicha qabul qilingan uch asosiy hujjatning birinchisi – “Milliy xavfsizlik strategiyasi” mudofaa sohasidagi tashqi siyosatning asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi. Ikkinchisi – maqsad va vazifalar belgilab berilgan “Milliy mudofaa strategiyasi”. Yana biri – mudofaa vositalari, umumiy mudofaa xarajati va qurollar ko‘lamini belgilashga qaratilgan “Mudofaa qobiliyati rejasi”dir.
Mazkur uch hujjatda Yaponiyaning mudofaa xarajatini 2027 yilga borib yalpi ichki mahsulotning 2 foizigacha oshirish zarurligi ko‘rsatilgan. Bu taxminan 11 trillion iyena (81 milliard dollar)ga teng. 2022 moliya yilida (2023 yil 31 martda yakunlangan) harbiy xarajat 5,4 trillion iyena (40 milliard dollar) – YAIMning taxminan 1,24 foizini tashkil etgan. Joriy moliya yili mudofaa xarajati o‘tgan yilga nisbatan 1,4 trillion iyena (10,4 milliard dollar) ko‘p, rekord darajadagi 6,7 trillion (52 milliard dollar)ga chiqdi. Alohida bandda qayd etilishicha, uzoq muddatli istiqbolda “Mudofaani mustahkamlash jamg‘armasi”ga 4,5 trillion iyena (34 milliard dollar) tushishi kerak.
“Milliy xavfsizlik strategiyasi” va “Milliy mudofaa strategiyasi” raqibn bazalarini mahv etishni nazarda tutuvchi “Javob zarbasi qobiliyati”ga ega bo‘lishi nazarda tutilgan. Hozirgacha bu qobiliyat Yaponiyaning o‘zini himoya qilish huquqi darajasida nazarda tutilgan, ammo alohida ta’riflanmagan. Ushbu yangilik mamlakat mudofaa siyosatida sezilarli o‘zgarish yuz berayotganini anglatadi, deyishyapti ekspertlar.
Fumio Kisida palata saytida translyatsiya qilingan nutqida Rossiya bilan tinchlik shartnomasi tuzish masalasiga ham to‘xtalgan:
– Yaponiya Rossiya bilan hududiy muammoni hal qilish va tinchlik shartnomasini tuzish maqsadiga bundan keyin ham sodiq qoladi. RF bilan munosabat og‘ir ahvolda, ammo biz shu yo‘lni davom ettiramiz.
Ma’lumki, Yaponiya va Rossiya munosabati ko‘p yillar davomida ikki mamlakat o‘rtasida tinchlik shartnomasi yo‘qligi sababli yaxshilanmayapti. Tarixga nazar tashlaymiz: 1956 yil Yaponiya va sobiq SSSR imzolagan Qo‘shma deklaratsiyada tinchlik shartnomasi tuzilgandan keyin Moskva Xabomai va Shikotanni Yaponiyaga o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqishiga kelishilgan. O‘shanda SSSR Qo‘shma deklaratsiya bahsga chek qo‘yishiga umid qilgan. Yaponiya esa bu hujjat muammoning faqat bir qismini hal qilishini ta’kidlab, barcha orollarga da’vosidan voz kechmagan. Shundan keyin ham qator muzokaralar bo‘lib o‘tgan, lekin natija chiqmagan.
Moskva ushbu to‘rt orol ustidan suverenitet Ikkinchi jahon urushi yakuni bo‘yicha qo‘lga kiritilgani, bunga shubha qilish mumkin emasligini ta’kidlab keladi.
S.Rahimov, O‘zA