Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining Bishkekda bo‘lib o‘tgan 22-majlisi yakuni bo‘yicha 14 hujjat imzolandi. Bu haqda jurnalistlarga Qirg‘iziston Bosh vaziri Aqilbek Japarov ma’lum qildi.
– Eng muhim hujjat – ko‘p qirrali hamkorlik bo‘yicha tomonlar pozitsiyasini aks ettiruvchi qo‘shma kommyunike, – dedi u.
Hukumat rahbari aytishicha, anjumanda SHHT organlari faoliyatiga oid qator qarorlar qabul qilingan. Global va mintaqaviy rivojlanishga doir turli masalalar bo‘yicha konstruktiv muloqot o‘tkazish, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash bilan bog‘liq dolzarb jihatlar ko‘rib chiqilgan.
Yig‘ilish ishtirokchilari madaniyat, ta’lim, fan va texnologiya, atrof-muhit muhofazasi, sog‘liqni saqlash, sport, turizm va yoshlar siyosati kabi muhim sohalarda sheriklik ko‘lamini yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladi. A’zo davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik munosabatini saqlash va mustahkamlab borish zarurligi bir ovozdan e’tirof etildi.
Japarov Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan SHHT Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi oldinda turgan ustuvor vazifalarni bajarish, tuzilma yanada izchil taraqqiy etishini ta’minlashda muhim qadam bo‘lganiga ishonch bildirdi.
O‘zA