Xitoyning Xanchjou shahrida IV Paraosiyo o‘yinlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Markaziy stadionda ochilish marosimi tantanalarida ishtirok etadigan mamlakat sport delegatsiyalarining paradi tashkil etildi. Stadionga yengil atletikachi Nurxon Qurbonova hamda suzuvchimiz Aziz Boynazarov O‘zbekiston davlat bayrog‘ini ko‘targan holda kirib keldi. Shu tariqa qit’amizning 43 mamlakati para sportchilari saf tortdi.
Paraosiyo o‘yinlari madhiyasi yangradi va IV yozgi Paraosiyo o‘yinlari bayrog‘i ko‘tarildi. Sportchilar va hakamlar qasamyod qabul qildi.
Ochilish marosimining badiiy qismi musobaqa ishtirokchilari va mehmonlari qalbiga xush kayfiyat bag‘ishladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur Paraosiyo o‘yinlarida qit’aning 43 davlatidan 4000 ming nafar para atletlar ishtirok etmoqda. To‘rt yillikning eng nufuzli kompleks o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi o‘z tarixida ilk bor 11 sport turi bo‘yicha 108 nafar para sportchilar bilan ishtirok etishi kutilmoqda. Shuni ta’kidlash lozimki, o‘yinlarda vakillarimiz para shaxmat, para kanoe, para akademik eshkak eshish, para velosport, para taekvondo va para stol tennisi dasturlari bo‘yicha ilk marotaba bahslarga kiradi.
Para o‘q otish, para stol tennisi, para yengil atletika, para dzyudo, para taekvondo, para pauerlifting, para velosport, para kanoe, para akademik eshkak eshish, para suzish dasturlarida paralimpiyachilarimiz medallar bilan bir qatorda, kelgusi yil Parij shahrida bo‘lib o‘tadigan Paralimpiya o‘yinlari litsenziyalari hamda reyting ochkolari uchun ham bellashadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA muxbiri