Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida 20 oktyabr kuni O‘zbekiston raisligida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblarining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Bugungi kunda vakolatli idoralarning xavfsizlikni ta’minlash borasidagi harakatlari, mamlakatlarni barqaror taraqqiy ettirish yo‘llarini izlash bo‘yicha hamkorlikdagi ishlari har doimgidan ham muhim jarayon sanaladi. Shu jihatdan ham bu yig‘ilishni Turkiy davlatlar tashkiloti kun tartibidagi o‘ta muhim voqealardan biri deyish o‘rinli.

Tadbirda Ozarbayjon Respublikasi Xavfsizlik kengashining kotibi Ramil Usubov, Qozog‘iston Respublikasi Xavfsizlik kengashining kotibi Gizat Nurdauletov, Qirg‘iz Respublikasi Xavfsizlik kengashining kotibi Marat Imankulov, Turkiya Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashining bosh kotibi Seyfullah Xaji Muftu o‘g‘li, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Maxmudov, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Qubanichbek Omuraliyev ishtirok etdi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov davlatimiz rahbarining yig‘ilish ishtirokchilariga murojaatini o‘qib eshittirdi.

Murojaatda Turkiy davlatlar tashkilotining jadal o‘sib borayotgan salohiyati va obro‘-e’tibori – bu ularning do‘stligi hamda birdamligi ekani alohida qayd etilgan.

Samarqandda bo‘lib o‘tgan tarixiy sammit yakunlari Tashkilot rivojida yangi davrni boshlab berdi. Qator muhim hujjatlar, jumladan, savdo va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish hamda Investitsiya fondini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimlar qabul qilindi.

Turkiy davlatlar tashkilotida O‘zbekiston raisligida ahamiyatga molik, keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Hamkorlik yanada kengayib, yangi yuksalish sur’atiga ega bo‘lganiga e’tibor qaratildi.

Turkiy davlatlar tashkilotini institutsional jihatdan isloh qilish, “yangi iqtisodiy imkoniyatlar makoni”ni yaratish, transport sohasida o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgani qayd etildi.

O‘zbekistonning raisligi doirasida mamlakatlarning iqtisodiyot, savdo, sog‘liqni saqlash, ta’lim, kosmos, energetika vazirliklari va idoralari hamda maxsus xizmatlari rahbarlarining qator muhim uchrashuvlari o‘tkazilgani ta’kidlandi.

Shuningdek, murojaatda Tashkilot zaxiralaridan imkon qadar samarali foydalanish hamda turkiy mamlakatlarning integratsiya borasidagi salohiyatini barcha sohalarda oshirish bo‘yicha izchil ish olib borilishi qayd etildi.

Xavfsizlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashish, bugungi notinch dunyodagi umumiy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi birgalikda javoblar ishlab chiqishda bu kabi yig‘ilishlar samarali maydon sanaladi.

Tadbir davomida ishtirokchilar Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlarning xavfsizlikka oid mintaqaviy kun tartibi masalalariga yondashuvlari umumiyligini qayd etdi.

Tomonlar barqaror rivojlanishni ta’minlashning amaliy jihatlari bo‘yicha idoralararo aloqalarni yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladi.

– Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblarining birinchi yig‘ilishi o‘tgan yili Anqarada bo‘lgan edi, – deydi Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Qubanichbek Omuraliyev. – O‘tgan yil noyabr oyida Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. O‘sha tarixiy sammitda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xavfsizlik kengashlari kotiblarining yig‘ilishini davom ettirish kerakligini ta’kidladi. Ikkinchi yig‘ilishni Toshkentda o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi. Bugungi yig‘ilishning kun tartibidan odam savdosi, oziq-ovqat xavfsizligi, narkotrafikka qarshi kurashish, chegaralar daxlsizligi kabi masalalar o‘rin oldi. Biz barcha sohalardagi – oziq-ovqat xavfsizligidan tortib fuqarolar xavfsizligigacha bo‘lgan masalalarni ko‘rib chiqdik. Terrorizm, ekstremizm, giyohvandlikka qarshi kurashgacha bo‘lgan xavfsizlik masalalari muhokama qilindi. Yig‘ilishda qabul qilingan qarorlarni izchil bajarish, xususan, xavfsizlik kengashining har bir kotibi va kotibiyat bilan ekspertlar guruhini tashkil etishga kelishildi.

Uchrashuvda, shuningdek, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, favqulodda vaziyatlar va boshqa tahdidlarning oldini olish masalalariga e’tibor qaratildi. Bu borada hamkorlikni kengaytirishga oid masalalar muhokama qilindi.

Tomonlar vakolatli organlarining o‘zaro hamkorligini muvofiqlashtirish va umumiy kun tartibining dolzarb masalalari bo‘yicha qo‘shma qarorlarni o‘z vaqtida ishlab chiqish muhimligi aytildi. Buning uchun tashkilotga a’zo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblari o‘rtasidagi uchrashuvlarning doimiy mexanizmini joriy etish muhimligi alohida qayd etildi.

Anjuman doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya delegatsiyasi rahbarlari, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi bilan ikki tomonlama uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.

Ikki tomonlama uchrashuvlarda mintaqaviy xavfsizlik masalalari, Afg‘onistondagi vaziyat, shuningdek, huquqni muhofaza qilish organlari, maxsus xizmatlar, mudofaa va favqulodda vaziyatlar vazirliklari o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik asosida hamda tashkilot doirasidagi aloqalarni faollashtirish bo‘yicha fikr almashildi.

Tomonlar konstruktiv hamkorlikni davom ettirish, xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladi.

Ikrom Avvalboyev, Murodxon Xo‘jayev (surat), O‘zA