O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turibdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 oktyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan muzokaralar o‘tkazdi.

O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv avvalida Prezidentimiz taklif va ko‘rsatilayotgan samimiy qabul uchun Xitoy yetakchisiga minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston rahbari XXR Raisini Xitoy tashkil topgan kun hamda “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusining o‘n yillik yubileyi bilan chin dildan qutladi.

– “Makon va yo‘l” tashabbusi qisqa tarixiy davr ichida umumiy taraqqiyot va ravnaqqa erishish yo‘lidagi hamkorlik uchun muhim, inklyuziv va ochiq platformaga aylandi. XXR Raisining “Yashil ipak yo‘li” tashabbusi ilk bor 2016 yilda O‘zbekistonda bildirilgani chuqur ramziy ma’noga ega, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.

O‘zbekiston Xitoy bilan ko‘p qirrali munosabatlarni yanada chuqurlashtirishga qat’iy intilishi alohida ta’kidlandi.

Har tomonlama strategik sheriklikni yangi davrda rivojlantirish bo‘yicha besh yillik dastur amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Prezidentining joriy yil may oyidagi Xitoyga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar izchil bajarilayotgani, siyosiy muloqot mustahkamlanib, asosiy masalalar borasida tomonlar bir-birini qo‘llab-quvvatlayotgani alohida mamnuniyat bilan ta’kidlandi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik jadal rivojlanmoqda.

Keyingi yillarda Xitoy investitsiyalari hajmi besh barobar, qo‘shma korxonalar soni uch barobar ko‘paydi. Joriy yil boshidan buyon o‘zaro savdo hajmi 36 foizga oshdi. Yil yakunigacha ushbu ko‘rsatkich 10 milliard dollardan oshishi kutilmoqda.

Tovar ayirboshlashni yaqin besh yilda 20 milliard dollarga yetkazish uchun barcha asoslar borligi haqida yakdil fikr bildirildi.

Xitoy kompaniyalari va moliyaviy institutlari ishtirokida yuksak texnologiyalar, muqobil energetika, kimyo, mashinasozlik, metallurgiya, elektrotexnika tarmoqlarida, infratuzilmani modernizatsiya qilish va boshqa yo‘nalishlarda bir qator yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston yuqori qo‘shilgan qiymatli innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishni birgalikda tashkil etish orqali yuqori texnologik loyihalarni ko‘paytirishdan manfaatdorligi bildirildi.

Xitoyning yetakchi banklari va “Ipak yo‘li” fondi bilan samarali hamkorlikka yuqori baho berildi.

Hududlararo aloqalar faollashgani qayd etildi. Yil boshidan O‘zbekistonga Shinjon – Uyg‘ur avtonom hududi, Shensi, Shandun, Szyansu va Szyansi muzofotlari delegatsiyalari tashrif buyurdi.

Xitoyning kambag‘allikka qarshi kurashish tajribasini o‘rganish va joriy etish borasida samarali tajriba almashish va amaliy hamkorlik qilishga alohida e’tibor qaratildi.

Barcha kelishuvlar ijrosining borishini ko‘rib chiqish maqsadida Hukumatlararo qo‘mitaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish taklif qilindi.

Yetakchilar madaniyat, ta’lim va turizm sohalarida qizg‘in hamkorlikni yuksak baholadilar. Xitoy 2023 yilni “Markaziy Osiyo va Xitoy xalqlari madaniyati va san’ati yili” deb e’lon qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirildi.

Yaqinda Xanchjoudagi Ipak milliy muzeyida O‘zbekistonning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Pekindagi “Gugun” saroyi muzeyida “Makon va yo‘l” tashabbusi doirasidagi Arxeologik hamkorlik ko‘rgazmasida tarixiy merosimiz ekspozitsiyasi tashkil etildi.

Oktyabr oyi oxirida O‘zbekistonda Xitoy madaniyati kunlari, kelgusi yil bahorida esa Xitoyda O‘zbekiston madaniyati kunlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

O‘zbekistonda, ayniqsa, yoshlar orasida xitoy tilini o‘rganishga qiziqish ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Toshkent va Samarqanddagi Konfutsiy institutining samarali faoliyati bunga katta hissa qo‘shmoqda. Xitoy tilini o‘qitishni va yosh olimlar o‘rtasidagi almashinuvni kengaytirish rejalari belgilab olindi.

O‘zbekiston Prezidenti Toshkentda Xitoyning yetakchi Sinxua universiteti va Pekin universiteti filiallarini ochishni taklif qildi.

Mintaqaviy kun tartibi va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.

“Yagona Xitoy” siyosati hamda “uch yovuz kuch”ga qarshi kurashish borasidagi pozitsiya o‘zgarmas ekani tasdiqlandi.

Uchrashuvda ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.

Muzokaralar yakunida davlatimiz rahbari XXR Raisini tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etdi.

Uchrashuv har doimgidek ishonchli, ochiq va do‘stona ruhda o‘tdi.

Pekin shahridagi Xalq yig‘inlari uyida “Bir makon, bir yo‘l” uchinchi xalqaro forumida ishtirok etayotgan delegatsiyalar rahbarlarini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va rafiqasini Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin va rafiqasi tantanali kutib oldi.

Marosimda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, Pokiston Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Anvar ul-Haq Kakar, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, qator boshqa mamlakatlarning davlat va hukumatlar rahbarlari ham ishtirok etdi.

Mehmonlarga teatrlashtirilgan konsert dasturi taqdim etildi.

Davlatimiz rahbari Xitoyga amaliy tashrif doirasida Vetnam Sotsialistik Respublikasi Prezidenti Vo Van Txiong bilan uchrashdi.

Ikki mamlakat o‘rtasida, eng avvalo, savdo-iqtisodiy sohadagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlash joizki, Vetnam O‘zbekistonning Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi muhim hamkoridir. Keyingi yillarda turli darajalardagi muloqotlar faollashdi, o‘zaro savdo hajmi va qo‘shma korxonalar soni ortib bormoqda. Qishloq xo‘jaligi va baliqchilik sohalarida loyihalar amalga oshirilmoqda.

Yetakchi kompaniyalarimiz neft-gaz majmuasida, mashinasozlik, elektrotexnika, kimyo, to‘qimachilik, poyabzal, mebelsozlik, oziq-ovqat va boshqa tarmoqlarda, shu jumladan, maxsus iqtisodiy zonalar va industrial parklar doirasida kooperatsiyalar tashkil etish uchun imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston va Vetnam yetakchilari madaniyat, ta’lim va turizm sohalarida almashinuvni rivojlantirish muhim ekanini ta’kidladilar.

O‘zbekiston Prezidenti “Amer International” industrial-sanoat xoldingi raisi Van Veninni qabul qildi.

Xitoyning yetakchi konglomeratlaridan biri bo‘lgan “Amer International” yuksak texnologiyalar, elektronika, yarimo‘tkazgichlar sanoati, konchilik va qayta ishlash tarmoqlaridagi loyihalar bilan shug‘ullanadi. Kompaniya “Fortune 500” global reytingiga kirgan. Xitoyda va uning tashqarisida umumiy qiymati 60 milliard dollardan ziyod bo‘lgan loyihalarni amalga oshirmoqda.

Van Venin O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar dasturi xorijiy, shu jumladan, Xitoy kompaniyalari uchun qulay sharoit yaratayotgani va keng imkoniyatlar ochayotganini ta’kidladi.

Kompaniya mamlakatimizga Markaziy Osiyo mintaqasidagi biznesining bosh yo‘nalishi sifatida qarayotgani qayd etildi.

Misni chuqur qayta ishlash va undan yuqori qo‘shilgan qiymatli innovatsion va xaridorgir mahsulotlar, shu jumladan, elektrotexnika, elektromobillar uchun akkumulyator batareyalari, mikroelektronika va yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish bo‘yicha istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.

“Amer International” kompaniyasi raisi Xorijiy investorlar kengashi faoliyatida ishtirok etishi, mamlakatimizda mintaqaviy ofis ochish hamda qo‘shma innovatsion loyihalarni tezlashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Forumning asosiy tadbirlari 18 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

O‘zA