Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Pekinda XXR raisi Si Szinpin bilan muzokara o‘tkazdi. Muloqot davomida Toqayev hamkasbiga 2024 yil Qozog‘istonga tashrif buyurish taklifini bildirdi. Qozog‘iston davlat rahbari matbuot xizmati tarqatgan xabarda shunday deyilgan.

Muzokara chog‘ida ko‘p tomonlama, jumladan savdo-iqtisodiy, neft-gaz, neft-kimyo, energetika, moliya, transport-tranzit sohalarida, shuningdek atom sanoati, mashinasozlik, sayyohlik, elektron savdo va yuqori texnologiyalar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilingan. Ikki davlat yetakchilari hamkorlikda investitsiya loyihalarini amalga oshirish, o‘zaro madaniy almashinuv uchun sharoit yaratish muhim ekanini ta’kidlagan. Dolzarb xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashilgan.

Uchrashuv yakunida imzolangan besh hujjat orasida Xitoy – Yevropa yo‘nalishi bo‘ylab konteynerli poyezd qatnovini nazarda tutuvchi Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagini rivojlantirishga qaratilgan bitim ham bor.