Amaliy tashrif bilan Bishkek shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi.
Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov raisligida o‘tgan sammit ishida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va MDH bosh kotibi Sergey Lebedev ham qatnashdi.
Kun tartibiga muvofiq, MDH doirasidagi ko‘p qirrali munosabatlarning holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, amaliy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida Hamdo‘stlik doirasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi.
O‘zbekiston Prezidenti mavjud imkkoniyatlarni birgalikda baholash va o‘zaro muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rish uchun MDHdek noyob platformani ishga solish muhimligini alohida qayd etdi. Shu ma’noda, ko‘p tomonlama hamkorlikning yangi uzoq muddatli kun tartibini ishlab chiqish maqsadida MDH mamlakatlarining yetakchi tahlil markazlari va ekspertlarining konferensiyasini tashkil etish taklif qilindi.
Mamlakatimiz yetakchisi Hamdo‘stlik mamlakatlarida barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash zarurligini ta’kidladi.
Tashkilot makonida istisno va cheklovlarsiz to‘laqonli erkin savdo hududini shakllantirish muhimligiga e’tibor qaratildi. Shu munosabat bilan tegishli shartnoma qoidalarini qayta ko‘rib chiqish taklif etildi.
O‘zbekiston Prezidenti mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlashda mavjud mexanizmlarni samarali ishga solishga chaqirdi va uni rag‘batlantirishning yangi vositalarini taklif qildi.
Davlatimiz rahbari o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirish va loyihalarni ilgari surish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish hamda MDH mamlakatlarining Sanoat kooperatsiyasi va innovatsion ishlanmalari forumini o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.
Energetika va oziq-ovqat sohalarida hamkorlik qilish, iqtisodiyotning tegishli tarmoqlarida ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va kooperatsiyani kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlik bo‘yicha yangilangan dasturni hamda Agrosanoat majmuidagi kooperatsiyaning asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi bitimni tayyorlash taklif qilindi.
O‘zbekiston yetakchisi hududlararo hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash tashabbusi bilan chiqdi, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, yo‘lovchi va yuk tashishni ko‘paytirish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni ko‘rsatib o‘tdi.
Global iqlim isishi oqibatlariga qarshi kurashishda sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligi qayd etildi. Kelgusi yilda Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan BMT shafeligidagi Xalqaro iqlim forumi doirasida MDH makonidagi ekologik xavf-xatarlarga bag‘ishlangan maxsus yalpi sessiyani tashkil etishga tayyorlik bildirildi.
Gumanitar soha haqida so‘z yuritilar ekan, 2024 yilda Hamdo‘stlikning madaniy poytaxti deb e’lon qilingan Samarqand shahrida MDH madaniyat, san’at va kino haftaligini o‘tkazish taklif qilindi.
Shuningdek, kelgusi yilda MDHning yoshlar poytaxti maqomini olgan Toshkent shahrida bir qator yoshlarga oid tadbirlar, shu jumladan futbol musobaqasi bo‘lib o‘tadi.
Mamlakatimiz yetakchisi o‘z so‘zida ta’lim sohasida va sayyohlik almashinuvini rivojlantirish borasida ham muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Nutqining so‘ngida O‘zbekiston Prezidenti Rossiya Federatsiyasi Prezidentini 2024 yilda Tashkilotga raislikni qabul qilib olgani bilan tabrikladi.
Sammit yakunida MDH doirasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha qator bitim va qarorlar qabul qilindi.