Avtotransport vositalariga o‘rnatilgan gaz ballonlari portlashi bilan bog‘liq noxush holatlar yuz berib turishi sir emas. Bu inson salomatligiga putur yetkazayotgani, ba’zan o‘limga sabab bo‘layotgani achinarli holdir.

Xo‘sh, gaz ballonlari portlamasligi uchun nima qilish kerak? Bu haqda Adliya vazirligi huzuridagi Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining yong‘in texnikaviy ekspertizasi laboratoriyasi mudiri Yakubjon Rustemov bilan suhbatlashdik. 

– Fuqarolar avtotransport vositalari bilan harakatlanishda nisbatan arzon hamda ekologik toza yoqilg‘i turi bo‘lgan siqilgan tabiiy gazdan keng foydalanmoqda. Biroq, aholi ulardan foydalanish  tartiblarini bilmasligi, ayrim hollarda beparvoligi natijasida gaz ballonlari bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar soni yildan-yilga ko‘paymoqda.

Laboratoriyamizda avtotransport vositalarida gaz ballonlari bilan bog‘liq yong‘inlar kelib chiqish sabablari aniqlanadi. O‘tkazilgan ko‘plab tadqiqotlar davomida avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalarida o‘rnatilgan talab va qoidalarning buzilishiga yo‘l qo‘yilayotgani aniqlangan.

Gaz balloni uskunalarining birikkan joylari zichligining buzilishi, shuningdek, jismonan va ma’nan eskirgan gaz ballonlaridan foydalanish holatlari ham noxush voqelarga sabab bo‘lmoqda. Avtotransport vositasining va ularga o‘rnatilgan gaz uskunalarining texnik nosozligi, o‘rnatishda talab va qoidalarga amal qilmaslik oqibatida ham baxtsiz hodisalar yuz bergan.

– Avtotransportga gaz ballonlari qanday tartibda o‘rnatilishi kerak? 

– Gaz ballonlar faqat tegishli bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lgan mutaxassislar tomonidan o‘rnatilishi lozim. Gaz uskunalarining o‘rnatilishida standart xavfsizlik klapanlari bo‘lishi kerak. Tadqiqotlar davomida arzon va qo‘lbola xavfsizlik klapanlari tezda ishdan chiqishi mumkinligi ko‘p bora aniqlangan.

Ekspluatatsiya jarayonida ballonlar transport vositalarida tashiladigan yuk ta’sirida, doimiy mexanik yoki kimyoviy ta’sirga duchor bo‘lmasligi yoki harakatda ishqalanish natijasida shikastlanmasligi lozim.

Shu bilan bir vaqtda ballonning tashqi yuzasiga suv, yo‘llarga sepiladigan tuz va boshqa narsalar sachramasligi, transport muntazam quyosh nurida turmasligi joiz. Agressiv kimyoviy vositalar (erituvchilar, kislotalar, o‘g‘itlar), avtomobil suyuqliklari, shu jumladan, benzin, gidravlik suyuqliklar, glikol va moylarning tushishi ballonlarga zararli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu sababli mazkur holatlarning yuzaga kelishidan ehtiyot bo‘lish zarur.

– Gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalaridan xavfsiz foydalanish uchun nima qilish kerak? 

– Albatta, texnikadan xavfsiz foydalanish baxtsiz hodisalarning oldini oladi. Buning uchun nafaqat huquq-tartibot organlari, balki fuqarolarning o‘zi ham harakat qilishi zarur.

Tabiiy gazning spetsifik xarakterini hisobga olib, gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalaridan foydalanishda bu to‘g‘ridagi barcha o‘rnatilgan tartib-qoidalarga amal qilish zarur.

Avvalo, siqilgan tabiiy gaz ballonlari bilan jihozlangan транспорт vositalarining texnik holatini tekshirib yurish va uning sozligini ta’minlash avtomobildan xavfsiz foydalanishning asosiy garovi hisoblanadi. 

Gaz ballonlaridan foydalanish muddatiga amal qilish muhim  mezonlardan biri hisoblanadi. Jumladan, gaz ballonlarning foydalanish muddati 15 yil yoki 15 ming marotaba gaz quyish deb belgilangan bo‘lsa-da, ammo, uni saqlash va ishlatish sharoitidan kelib chiqib, bu muddat kamroq bo‘lishi mumkin.

Misol tariqasida shuni keltirish mumkinki, odatiy holatlarda har safar ballonni gaz bilan to‘ldirganda, u  bosimdan ko‘z ilg‘amas darajada shishadi va avtomobilning dvigateli ishlashi jarayonida gaz balloni yana joyiga qaytadi. Yillar davomida buning takrorlanishi esa, uning davriylik siklini kamaytiradi.

Shu sababli, gaz ballonlarni to‘ldirishda undagi bosim me’yoridan oshib ketmasligini nazorat qilish zarur. Bosimning me’yordan ortishi gaz ballonining ishdan chiqishiga, mikroyoriqlarning paydo bo‘lishiga, oqibatda portlashga olib kelishi mumkin.

Texnik talablarga ko‘ra, siqilgan tabiiy gaz ballonlar (metan) –  3 yilda 1 marta, suyultirilgan gaz ballonlari (propan) – 2 yilda 1 marta yuqori bosim ostida sinovdan o‘tkazilishi kerak.

Shuni tavsiya qilardikki, siqilgan tabiiy gaz ballonlari bilan jihozlangan транспорт vositalarining texnik holatini muntazam tekshirish va sozligini ta’minlash shart.

O‘zA muxbiri

Norgul Abduraimova suhbatlashdi.