Poytaxtimizda festivalning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda 40 dan ortiq yuqori malakali xorijlik me’morlar, jumladan, xorijiy davlatlar arxitektorlar uyushmalari raislari ishtirok etmoqda.

Ma’lumki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda qurilish-bunyodkorlik ishlari tobora kengayib bormoqda. Yangi massiv va shaharlar barpo etilyapti. Bu esa, o‘z navbatida, soha mutaxassislaridan o‘zaro tajriba almashish, zamonaviy arxitektura tamoyillarini ishlab chiqish va amaliyotda qo‘llashni talab etadi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Me’morlar uyushmasi hamda Xalqaro arxitektorlar uyushmalari assotsiatsiyalari tomonidan o‘tkazilayotgan mazkur festival soha taraqqiyotini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.

Tadbirni qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov ochib berdi.

– So‘nggi yillarda arxitektura va shaharsozlik sohasida 537 ta texnik-normativ hujjat, 255 ta shaharsozlik normalari va qoidalari, 9 ta texnik reglament ishlab chiqildi. 273 ta standart zamon talablari asosida yangilandi, – deydi Sherzod Hidoyatov. – Bino va inshootlarning energiya samaradorligini oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga oid 10 ta normativ hujjat Yevropa standartlari asosida takomillashtirildi. Shuningdek, 2017 yildan boshlab shahar va qishloqlar uchun alohida-alohida Davlat dasturlari qabul qilindi. Bosh loyiha institutlarini jalb etgan holda arxitektor, quruvchilardan iborat guruhlar AQSH, Belgiya, Gretsiya, Italiya, Niderlandiya, Koreya, Xitoy, Germaniya, Belarus kabi davlatlarda tajriba orttirib qaytdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining shaharsozlik kodeksi yangidan qabul qilindi. Mavjud shahar va qishloq aholi punktlarining 1 ming 370 ta shaharsozlik hujjati, shuningdek, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi doirasida 1 ming 944 ta ahvoli og‘ir mahallaning bosh reja sxemalari ishlab chiqildi.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining tegishli qarori asosida 2018-2022 yillarda 138 ta shahar hamda 55 ta qishloq aholi punktining Bosh reja-loyihalari hamda Vazirlar Mahkamasi qaroriga binoan, 316 ta qishloq aholi punktining shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqildi. Bular samarasini ayni paytda respublikamizning barcha hududlarida qad ko‘tarayotgan go‘zal binolar, sanoat korxonalari, ta’lim muassasalari, turli inshootlarda ko‘rish mumkin. Joriy yilda yana 225 ta shaharsozlik hujjati hamda 42 hududning master rejalari ishlab chiqiladi.

Mazkur festival qurilish sohasini rivojlantirish bo‘yicha innovatsion tadqiqotlar, arxitektura, dizayn, shaharsozlik yo‘nalishlarini takomillashtirish, bino va inshootlarni loyihalashda zamonaviy qurilish materiallari hamda konstruksiyalarni tatbiq qilish borasida atroflicha fikr, tajriba almashish maydoni bo‘lib xizmat qilmoqda. Shuningdek, mahalliy va xorijiy mutaxassislarning energiya tejamkor binolarni loyihalash, qurish, geodeziya, kartografiya va kadastr sohalarini rivojlantirish, me’morchilik an’analarini keng qo‘llagan holda bino va inshootlarni barpo etish borasidagi taklif va tavsiyalari, shu bilan birga yangi zamonaviy, innovatsion texnologiyalar asosidagi ishlanmalari namoyish etilmoqda.

– Sir emas, bugun qurilish industriyasi tobora rivoj topib bormoqda, – deydi O‘zbekiston Me’morlar uyushmasi raisi Azamat To‘xtayev. – Bu esa arxitekturani yanada rivojlantirish va soha vakillari zimmasiga katta mas’uliyat yuklamoqda. Bu borada shaharsozlik siyosatini belgilash, uning asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirish, ilg‘or va innovatsion qurilish texnologiyalarini, zamonaviy qurilish materiallarini, energiya tejovchi texnologiyalarni, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini loyihalash va qurishda qo‘llash, qurilish ishlarini takomillashtirish masalalari har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek, amaldagi me’yoriy-huquqiy baza va me’moriy merosni ehtiyotkorlik bilan saqlash, shahar va qishloq aholi punktlarida qulay va uyg‘un muhit yaratishni davrning o‘zi ham taqozo etmoqda.

Tadbirda qayd etilishicha, Muvofiqlashtiruvchi kengash yig‘ilishi doirasida eng yaxshi binolar, loyihalar, arxitektura, shaharsozlik yo‘nalishidagi ilmiy ishlar va talabalarning eng yaxshi ishlari uchun an’anaviy tanlov o‘tkaziladi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA