Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov Osiyo taraqqiyot banki (OTB) vakillari bilan uchrashuvda Yashil iqlim fondining “Elektromobillik dasturi”ni moliyalashtirish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildi.

Uchrashuvda yetti mamlakatda, jumladan, O‘zbekistonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan mazkur dasturni moliyalashtirish bo‘yicha taklif etilayotgan mablag‘ 170 million dollarni tashkil etadi. Uning 65 million dollari grant va qolgan 105 million dollari qarz bo‘ladi.

Mazkur dastur tijorat elektromobillarini ommalashtirishdagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratiladi. Shuningdek, elektrobuslar parkini va yordamchi infratuzilmani joylashtirish, jamoat transporti tizimini yaxshilash hamda uning barqarorligini ta’minlash uchun yo‘naltiriladi. Elektromobillarni rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlashni ko‘zda tutuvchi 4 ta yo‘nalishni ham o‘z ichiga oladi.

Dasturda elektrobuslar parkini va yordamchi infratuzilmani joylashtirish, jamoat transporti tizimini yaxshilash ham ko‘zda tutilgan.

Sh.Mamaturopova, O‘zA