Inson kamolotida ustoz-murabbiyning o‘rni hal qiluvchi ahamiyatga ega. O‘qituvchining ziyo nuri ila insoniyat inson degan nomga munosib tarzda hayot kechirish, ma’naviyatli bo‘lish, omilik botqog‘idan chiqishga erishadi. Har qanday sohada faoliyat yuritayotganlarning, turli kasb egalarining yuksak marralarga erishishi ortida o‘qituvchi turadi.
Shunday ekan, butun dunyoda ushbu mashaqqatli kasb egalarini e’zozlash, qadrlash, mehnatini yuzaga chiqarish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishga e’tibor qaratiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, YUNESKOning 1966 yil 5 oktyabrda Parij shahrida bo‘lib o‘tgan 14-sessiyasida Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda O‘qituvchilarning maqomi to‘g‘risida tavsiyanoma qabul qilingan. Mazkur hujjatda o‘qituvchilarning huquq va majburiyatlari, ular uchun yaratilishi zarur bo‘lgan eng muhim shart-sharoitlar bo‘yicha xalqaro me’yorlar belgilangan.
Shu munosabat bilan 5 oktyabr sanasi 1994 yildan beri Xalqaro o‘qituvchilar kuni sifatida nishonlab kelinadi. Jumladan, mazkur kun yuzdan ortiq davlatda keng nishonlanadi. Sananing ahamiyati shundaki, o‘qituvchilarning insoniyat hayoti va jahon taraqqiyotida tutgan o‘rni va ahamiyatini, ularning mehnat sharoitlarini yaxshilash va huquqlarini himoya qilishga e’tibor qaratish lozimligini eslatib turadi.
O‘zbekistonda har yili 1 oktyabr sanasi O‘qituvchi va murabbiylar kuni sifatida keng nishonlanadi. Yurtimizda ustoz-murabbiylarning huquqlarini himoya qilish, qadr-qimmati va sha’nini yuksak darajaga ko‘tarish, ularning kasbiy faoliyatiga aralashmaslik borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Yangilangan Konstitutsiyamizda ham bu borada alohida norma mustahkamlab qo‘yildi.
Shuningdek, Senatning yaqinda bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonun ham ma’qullandi. Unda belgilangan huquqlarga ko‘ra, pedagoglar kasbiy faoliyatni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini talab qilishi, qonunchilik hujjatlariga muvofiq ijodiy ta’til olishi, o‘z kasbiy faoliyatiga g‘ayriqonuniy ravishda aralashuvdan himoyalanish hamda ta’lim oluvchilar va ularning ota-onalari (qonuniy vakillari) tomonidan pedagogning kasbiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishini talab qilish huquqlariga ega bo‘ladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA