Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali tomonidan davlatimiz rahbarining 2021 yil 11 fevraldagi “Davlat xizmatchilari va mutaxassislarni xorijda tayyorlash hamda ularning salohiyatini yanada oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi ochiq stipendiya tanlovlari tartibi bilan bog‘liq yangiliklarni vazirlik, idora va tashkilotlardagi yosh xodimlariga, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari talaba yoshlari orasida keng targ‘ib etishga qaratilgan seminar o‘tkazildi.
Tadbirda vazirlik, idora va tashkilotlardan yosh xodimlar, oliy ta’lim muassasalarining xorijiy davlatlardagi ta’lim dasturlariga mas’ul rahbarlari, bitiruvchi talabalar hamda “Kelajak liderlari” klubi a’zolari ishtirok etishdi.
Seminardan ko‘zlangan maqsad iqtidorli va istiqbolli yosh mutaxassislar va talaba yoshlarni “El-yurt umidi” jamg‘armasining (bakalavriat, magistratura va doktorantura) ta’lim dasturlari asosida xorijdagi nufuzli ta’lim hamda ilmiy muassasalarda ta’lim olishida ko‘maklashish, professional, chuqur bilimga ega, zamonaviy fikrlaydigan va vatanparvarlik ruhida tarbiyalangan yangi avlod kadrlarini shakllantirish, ularni davlat xizmatiga jalb etishga qaratilgan.
Tadbirda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali rahbari o‘rinbosari A.Reimbayev, “El-yurt umidi” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan xorijdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalarida magistratura dasturlari orqali ta’lim olib, bugungi kunda mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan stipendiantlar so‘zga chiqib, jamg‘arma tomonidan yoshlarga ajratilayotgan xorijiy grantlarning ahamiyati, bundan tashqari, qanday qilib Jamg‘arma stipendiyasini qo‘lga kiritish mumkinligi to‘g‘risida so‘zlashdi. Shuningdek, yoshlarni rag‘batlantirish yo‘l-yo‘riqlari haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Seminar davomida ishtirokchilar xorijiy ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari