Joriy yilning 29-30 sentyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir tumanining eng chekka “Beltau” ovul fuqarolar yig‘inida “Orol baliqlaridan 99 tur taomlar” gastronomik hamda “Abbozovozi – Qarateran ohanglari” folklor festivallari o‘tkazildi.

Tadbirlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, “O‘zbekbaliqsanoat” birlashmasi, Madaniyat vazirligi, Taxtako‘pir tumani hokimligi hamkorligida  tashkil etildi.

Ma’lumki, bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida turizmning bir qator yo‘nalishlari jadal rivojlanib kelmoqda. Hududning janubiy maskanlarida joylashgan qadimiy qal’alar va Nukus shahridagi dunyoga mashhur I.V.Savitskiy davlat san’at muzeyi – tarixiy-madaniy turizm, Orol dengizi va Ustyurt platosi – ekoturizm, mahalliy madaniyat va urf-odatlarni yorqin namoyon etuvchi chimboylik hunarmandlar – etnoturizmning asosiy destinatsiyalari bo‘lib hisoblanadi. Mazkur turistik yo‘nalishlar qatorida gastronomik turizm ham katta  ahamiyatga ega bo‘lib, qoraqalpoq xalqining an’anaviy oshxonasi o‘ziga xos tomonlari bilan ajralib turadi.

O‘zbekiston Respublikasining har bir viloyati o‘ziga xos taomlariga ega bo‘lganidek, Qoraqalpog‘istonning bir qator, shu jumladan, baliqdan tayyorlangan taomlari o‘zining mazasi bilan har bir tashrif buyuruvchini bahramand qiladi.Azaldan qoraqalpoq ovullarining tarixi Orol dengizi va unga tutashuvchi daryo, ko‘llar va suv havzalari  bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib kelgan. O‘z vaqtida dengiz va atrofdagi boshqa suv havzalaridan ovlangan baliqlardan an’anaviy usullarda turli xil taomlar tayyorlanib kelingan.

Qoraqalpog‘istonning gastronomik turizm salohiyatini keng targ‘ib qilish maqsadida 2017 yildan buyon “Orol baliqlaridan  99 tur taomlar” xalqaro gastronomik festivali o‘tkazib kelinmoqda. Mazkur tadbir milliy faqatgina baliq taomlarini targ‘ib qilmasdan, hududdagi boshqa turistik yo‘nalishlarga ham mahalliy va xorijiy sayyohlarni jalb qiladi. Keng qamrovli festival dastlab Qoraqalpog‘istonning o‘ziga xos bo‘lgan turistik maskani –Mo‘ynoq tumanidan boshlangan va keyinchalik Nukus shahrida ham o‘tkazilgan. Beshinchi marotaba tashkil etilayotgan bu yilgi festival Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxtako‘pir tumanida tashkil etildi.

Ushbu festivallarning Taxtako‘pir tumanining chekka hududida o‘tkazilayotgani bejiz emas. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yilning fevral oyida hududlardagi bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar va aholi hayoti bilan tanishish maqsadida Qoraqalpog‘istonga tashrifi doirasida ushbu ovuldagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirib, muammolarni hal etish, bandlikni ta’minlash borasidagi takliflarini bildirgan edi. Natijada O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi tomonidan hamkorlikda olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida bugungi kunda ovulning qiyofasi tubdan o‘zgardi.

Gastronomik festival doirasida o‘tkazilgan oshpazlar bellashuvida Qoraqalpog‘iston Respublikasidan va viloyatlardan 60 nafarga yaqin oshpaz ishtirok etib, ularning har biri baliqdan 5 xil taom tayyorladi. Ularning mahoratini mamlakatimizdan hamda xorijdan taklif etilgan hay’at a’zolari baholab bordi. Tanlov yakunida 1-o‘ringa Nukus shahridan Madina Davletmuratova munosib deb topildi. Ikkinchi o‘rinni Mo‘ynoq tumanidan Ulbosin Seytbayeva, uchinchi o‘rinni Navoiy viloyatidan Shahzod Xusenov hamda Ellikqal’a tumanidan ElyorOtajanovlar egalladi.

“Abboz ovozi – Qarateran ohanglari” folklor festivali doirasida baxshilar, jirovlar va qissaxonlar ishtirokidagi ko‘rik- tanlov g‘oliblari ham aniqlandi. Baxshichilik yo‘nalishida birinchi o‘rinni Nukus shahridan G.Qudaybergenova, T.Berdimuratov, ikkinchi o‘rinni Nukus shahridan G.Xamitova, S.Xalmurzayeva, uchinchi o‘rinni Chimboy tumanidan G.Rametullayeva, jirovchilik yo‘nalishida birinchi o‘rinni Nukus shahridan K.Habibnazarov, ikkinchi o‘rinni Nukus shahridan A.Xojanazarov, uchinchi o‘rinni Nukus shahridan B.Sarsenbayev egallagan bo‘lsa, qissaxonlik yo‘nalishida birinchi o‘rinni Chimboy tumanidan Q.Jumaniyazov, Taxiatosh tumanidan G.Mustapayeva, ikkinchi o‘rinni Nukus shahridan A.Abibullayev, To‘rtko‘l tumanidan I.Zinatdinov, uchinchi o‘rinni Nukus shahridan M.Alimbetov qo‘lga kiritdi.

Tadbir davomida mahalliy oshpazlarning baliq taomlarini tayyorlash bo‘yicha mahorat darslari, hunarmandlar ko‘rgazmalari, konsert dasturi, boshqa madaniy va ko‘ngilochar tadbirlar namoyish etildi.

Ikki kun davom etgan festivallarni nafaqat mahalliy aholi, balki xorijdan tashrif buyurgan sayyohlar ham katta qiziqish bilan tomosha qildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat-video),  

O‘zA muxbirlari.