Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi boshlig‘i I.Kazakov mas’ul xodimlar bilan birga hududda faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’ektlarida bo‘lib, “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimida yaratilgan qulayliklar bilan tanishtirdi.

Endilikda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari xorijdan olib kelingan tovarlarga bojxona to‘lovlarini to‘lamasdan, ularni qayta ishlashi va qayta ishlash (qadoqlash, o‘rash, saralash, tozalash, boshqa tovarlarga moslashtirish va modernizatsiya qilish) natijasida paydo bo‘lgan tovarlarni hech qanday to‘lovlarsiz yana xorijga olib chiqishi mumkin. Buning uchun esa tovarlarni olib kelishda “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimini tanlashning o‘zi kifoya.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 25 apreldagi “Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimi qo‘llanilishini soddalashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan ushbu rejimga binoan tovarlarni joylashtirish tartib-tamoyillari soddalashtirilib, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining xarajati kamaytiriladigan bo‘ldi.

Qo‘shni Qozog‘iston Respublikasidan bug‘doy mahsulotini import qilib, zamonaviy texnologiyalar asosida ularni qayta ishlab mahsulot ishlab chiqaruvchi “Xojeyli Un Mahsulotlari” va “Atiyaj Gulzar” korxonalari shu kunga qadar olib kelingan don mahsuloti uchun bojxona to‘lovlarini to‘liq to‘lab kelmoqda. Mazkur korxonalar ichki bozor talabidan ortgan un mahsulotlarini Afg‘oniston Respublikasiga ham eksport qilmoqda.

Ushbu korxonalar tomonidan joriy yil boshidan 14,6 million AQSH dollari qiymatidagi bug‘doy import qilingan bo‘lib, faqatgina 1 million AQSH dollari qiymatidagi un mahsuloti eksportga chiqarilgan. Mazkur holatda tadbirkorlik sub’ektlariga import qilingan bug‘doyning qayta ishlanib, eksportga chiqarilayotgan miqdoriga bojxona to‘lovlarini iqtisod qilish va mazkur summalardan korxona eksport salohiyatini oshirish, ish hajmini kengaytirib, yangi ish o‘rinlarini ochishda foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Teri xomashyosini qayta ishlash orqali tayyor va yarim tayyor mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi “Oreint Technology” MCHJ ko‘rinishidagi qo‘shma korxonasi shu kunga qadar o‘z faoliyatida ishlatiladigan xomashyolarni “Erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga rasmiylashtirib, bojxona to‘lovlarini to‘lab kelayotgan edi. Joriy yil boshidan 195,8 ming AKSH dollari miqdoridagi kimyoviy vositalarni import qilgan va 2 million 116 ming AQSH dollari qiymatidagi mahsulot eksportini amalga oshirgan mazkur korxonaga ham bojxona hududida qayta ishlash rejimini qo‘llash natijasida eksport salohiyatini yanada oshirish choralari batafsil tushuntirildi.

Navbatdagi manzil esa mahalliy va xorijiy xomashyodan tibbiyot anjomlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi “Nukus Med Tex” korxonasi bo‘ldi. Yiliga 250 million dona bir marta foydalaniladigan tibbiy buyumlar, ya’ni 12 xil turdagi shprits va infuzion sistemalarni ishlab chiqarish quvvatiga ega ushbu korxona ichki bozor talabidan ortgan tibbiy buyumlarni dunyo bozorlariga eksport ham qilmoqda. Mazkur tadbirkorlik sub’ekti tomonidan yil boshidan 758 ming AQSH dollari qiymatidagi xomashyo importi amalga oshirilgan bo‘lsada, atigi 223 ming AQSH dollarlik tovarlar eksportga chiqarilganligi aytib o‘tildi.

Ta’kidlash joizki, bojxona hududida qayta ishlash rejimida yaratilayotgan keng imkoniyatlar, xususan, xomashyo importida bojxona to‘lovlaridan butunlay ozod etilishi qayta ishlangan sifatli mahsulotlarning dunyo bozorlarini tobora zabt etishiga katta zamin yaratadi.

Dovud Abibullayev, O‘zA