…G‘uncha ochilguncha o‘tgan fursatni
Kapalak umriga qiyos etgulik.
Ba’zida bir nafas olg‘ulik muddat –
Ming yulduz so‘nishi uchun yetgulik…
10 may. O‘zbek va jahon adabiyotida o‘zining ana shunday o‘lmas satrlari hamda sermahsul va sermazmun ijodi bilan yorqin iz qoldirgan ijodkor G‘afur G‘ulom tavallud topgan kun. Shoir hayoti va ijodi haqida yaqindan tanishish maqsadida G‘afur G‘ulom uy-muzeyiga sayohatga bordik. Bizni u yerda muzey direktori, shoirning qizi Olmos Ahmedova va muzey xodimlari ochiq chehra bilan kutib oldi.
Muzey ilmiy xodimi Dilafro‘z Jalilova bizni sayohatga boshladi va quyidagilarni gapirib berdi:
– G‘afur G‘ulom uy-muzeyi 1983 yilda shoir tavalludining 80 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan. Bu uyda G‘afur G‘ulom 1944 yildan 1966 yilgacha yashab ijod etgan. Vafotidan so‘ng, muzey tashkil etilgunga qadar oila a’zolari, farzandlari yashagan. Hozirgi kunda esa hovlining bir qismida G‘afur G‘ulomning farzandlari istiqomat qiladi. Qolgan qismi esa muzeyga tegishli. Uy-muzey ikki qismdan iborat bo‘lib, siz hozir muzeyning yangi binosida turibsiz. Bu binoda G‘afur G‘ulomning hayoti va ijodi haqida hikoya qiladigan adabiy ekspozitsiya joylashgan bo‘lib, bu bino G‘afur G‘ulomning 101 yilligi munosabati bilan 2004 yilning 10 may kuni tantanali ravishda ochilgan…
Mezbonlar hamrohligida muzey ekspozitsiyasi bilan tanishamiz. Bu yerdagi eksponatlar shoir hayoti va ijodi haqidagi tasavvurimizni yanada kengaytiradi.
O‘zbekiston xalq shoiri, akademik G‘afur G‘ulom 1903 yilning 10 may kuni Toshkent shahrining Qo‘rg‘ontegi mahallasida tug‘ilgan. Shoirning otasi G‘ulom Mirzo Orif o‘g‘li o‘z davrining savodxon kishilaridan biri bo‘lgan, fors-tojik tillarini yaxshi bilgan va ancha-muncha ruscha so‘zlasha olgan. Toshkentdagi dumaxonaning mahalliy bo‘limida mirzalik qilgan. Shaharda kishilarga arizalar, turli ma’lumotnomalar yozib berib yurganligi sababli uning ismiga “Mirzo” laqabi qo‘shib aytilgan. Xonadoniga mashhur shoir va xattotlar kelib turgan. Muqimiy, Furqat, Xislat, Toshxo‘ja Asiriy kabi shoirlar ularning uyiga tez-tez tashrif buyurishgan. G‘afur G‘ulomning otasi, “G‘ulom” va “Mirzo” taxalluslari bilan talay she’rlar yozgan. Lekin bu she’rlar bir joyga to‘planib, bosilib chiqmagan. Shoirning amakisi Mirzo Abdulla Mirzo Orif o‘g‘li (otasining kichik ukasi) ham she’rlar yozib turgan. She’rlari 1913 yilda “Bayozi Mirzo” nomi bilan Toshkentda “G‘ulomiya” bosmaxonasida bosilgan.
Onasi Toshbibi Shoyusuf ham o‘zbek, fors-tojik tillaridagi kitoblarni o‘qiy oladigan, ancha zehnli, adabiyot va she’riyat ixlosmandi bo‘lganligi sababli xalq termalari vaznida she’rlar aytib yurgan. Ana shunday muhitda tug‘ilib o‘sgan yosh G‘afurning adabiyotga ishtiyoqi juda erta uyg‘ongan. U 9 yoshida otasidan, 12 yoshida onasidan yetim qolgan.
A.Navoiyning “Xamsa”si shoirning eng sevimli asarlaridan biri bo‘lgan. G‘afur ma’lum muddat Toshkentdagi Tillashayx madrasasida o‘qigan. U eski maktabda va madrasada o‘qigan vaqtlarida arab, fors-tojik tillarini mukammal o‘rgangan.
Muzeydagi “G‘afur G‘ulom ijodining ilk davri” deb nomlangan bo‘limda shoirning yozuvchilar uyushmasi a’zolari bilan tushgan suratlari, ilk marotaba nashr etilgan kitoblari o‘rin olgan. 1923 yilda G‘afur G‘ulom o‘zining birinchi “Feleks bolalari” deb nomlangan she’rini yozadi. Bu she’r o‘sha davrdagi yetim bolalarga bag‘ishlangan edi.
Muzeyda G‘afur G‘ulomning jurnalistik faoliyatiga bag‘ishlangan bo‘lim ham bor. Shoir o‘z tarjimai holida: “1928 yil 15 sentyabrdan boshlab, «Kambag‘al dehqon” gazetasida sekretar bo‘lib xizmatga kirdim… Biror kun yo‘q ediki, “Qizil O‘zbekiston”da, “Kambag‘al dehqon”da, “Mushtum”da yo boshqa jurnal, gazetada biror maqola, felyetonim, ocherkim yo she’rim bosilmasa… Ijodim yana-yana yangi ilhom bilan avj olib borar edi», deb bitadi. Bu yillarda G‘afur G‘ulom ko‘plab ocherklar va maqolalar yozadi.
G‘afur G‘ulom Sharq adabiyotining yetuk vakillari: Navoiy, Fuzuliy, Ganjaviy, Nizomiy, Lutfiy, Mashrab, Bedil, Muqimiy, Furqat, Avaz O‘tar, Hamzani o‘ziga ma’naviy ustoz deb bilgan, ulardan ilhom olgan va ular haqida ilmiy maqolalar yozib turgan. U shoir, nosir, publitsist sifatida mashhur bo‘lib qolmasdan, balki yetuk adabiyotshunos olim sifatida ham tanilgan. Uning Navoiy, Jomiy, Atoiy, Mashrab, Nodira, Muqimiy, Furqatning hayoti va ijodi haqidagi maqolalari o‘zbek mumtoz adabiyotini o‘rganishga bag‘ishlangan nodir namunalardir. Ayniqsa, Alisher Navoiyga bo‘lgan hurmati o‘zgacha bo‘lgan. Unga atab “Sharq nazmi osmonining ikki porloq quyoshi”, “Navoiy va zamonamiz”, “Xoki Musallo”, “Taxti safar”, “Buyuk ustoz” kabi ilmiy maqolalarni, “Farhod va Shirin” dostonining nasriy bayonini va “Alisher Navoiy qabri ustida”, “Tun bilan tong”, “Alisher” nomli she’rlarini yozadi.
30-yillarda “Qo‘qon”, “Xitoydan lavhalar”, “Egalari egallaganda” nomli poemalar yaratdi. G‘afur G‘ulom Shekspirning bir necha dramalarini, ya’ni “Otello”, “Qirol Lir”ni o‘zbek tiliga tarjima qildi.
1943 yilda G‘afur G‘ulom O‘zbekiston FA tashkil etilganda birinchilardan bo‘lib, akademik etib saylangan.
“Xalq otlandi”, “Sen yetim emassan”, “Kuzatish”, “Sog‘inish”, “Qish”, “Xotin”, “Bizning ko‘chada ham bayram bo‘lajak”, “G‘oliblar”, “Vaqt” kabi she’rlarida shoir vatanparvarlik, mehnatsevarlik va g‘alabaga ishonch kabi g‘oyalarni ilgari suradi. G‘afur G‘ulom she’riyatining eng gultoji hisoblangan, insonparvarlik g‘oyalari tarannum etilgan “Sen yetim emassan” she’rini o‘qiganda yoki tinglaganda qalblar larzaga kelmasligi, ko‘zga yosh inmasligi mumkin emas.
1942 yilda harbiy frontga jo‘natilgan o‘zbek delegatsiyasi tarkibida G‘afur G‘ulom ham bor edi.
Jahon xalqlarining adabiy xazinasidan o‘rin olgan “Shum bola” qissasi G‘afur G‘ulom ijodida alohida o‘rin tutadi. Ijodkor ushbu qissani XX asrning 30-yillarida, asosan arab imlosida yoza boshlagan. Asar dastlab “Dovdirash” nomi bilan 1936 yilda nashr etilgan. Keyinchalik yozuvchi uni “Shum bola” deb atagan. G‘afur G‘ulom bu qissani 60-yillargacha qayta ishlagan va asar hozirgi biz o‘qiydigan holga keltirilgan. Qissa rus, tojik, qozoq, arab, urdu, latish, venger, rumin, grek va boshqa xorijiy tillarga tarjima qilingan.
G‘afur G‘ulom 1966 yil 10 iyul kuni vafot etadi. Bu nafaqat xalqimizning, balki jahon adabiy jamoatchiligi uchun ham katta yo‘qotish bo‘ldi.
Har bir voqelikka har bir insonning o‘zining munosabati, fikri, xulosasi bo‘lganidek, muzeydan qaytar chog‘imda G‘afur G‘ulom ijodida xalq hayotining, inson ichki olamining turfa manzaralarini aks ettira olganiga amin bo‘ldim. U Vatan va millat madhi, Inson umri, mehnati va tirikligining ijtimoiy asoslarini tadqiq etgan, falsafiy umumlashmalar bilan boyitgan ijodkordir. Uning ulug‘ligi va mangu barhayotligi ham ana shunda.