Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov Janubiy Koreya markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti korporatsiyasi (KDHC) vakillarini qabul qildi. Uchrashuvda issiqlik ta’minoti sohasida ikki tomonlama hamkorlik masalasi muhokama qilindi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, mamlakatimiz issiqlik ta’minotini yaxshilash maqsadida 2022 yil 6 iyunda KDHC korporatsiyasi bilan hamkorlik bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolangan edi.
Uchrashuvda yutimizdagi 4 ta issiqlik ta’minoti ob’ektlarini modernizatsiya qilish loyihasi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ning ishlab chiqilish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, joylarga chiqqan holda texnik-iqtisodiy asoslash hujjatlari uchun dastlabki o‘rganishlar o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, loyihaning iqtisodiy tomonlari, xususan, O‘zbekistonda Koreyaning xalqaro hamkorlik (KOICA) va Koreya savdo va investitsiyalarga ko‘maklashish (KOTRA) agentliklari tomonidan ajratilishi kutilayotgan grantlar masalasi haqida so‘z bordi.
Tadbirda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov loyihani amalga oshirish muddatiga to‘xtalar ekan, belgilangan issiqlik korxonalarida modernizatsiya jarayonlari 2024-2027-yillarga mo‘ljallanishi lozimligini ta’kidladi.
O‘zaro konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida KDHC vakillari Buxoro va Toshkent viloyatlari issiqlik korxonalarida texnik-iqtisodiy asoslash hujjatlari uchun zarur bo‘lgan dastlabki so‘rovnomalarni o‘tkazishi, shuningdek, mazkur jarayonga vazirlik mutaxassislari jalb etilishiga kelishib olindi.
Hamkorlikdan kutilayotgan natijalarga to‘xtaladigan bo‘lsak, O‘zbekistonda joylashgan 4 ta issiqlik ta’minoti korxonalari va issiqlik ta’minoti tizimi Koreya tajribasi asosida modernizatsiya qilinadi. Qolaversa, mamlakatimiz issiqlik ta’minoti korxonalari mutaxassislarining Koreyada markazlashgan issiqlik ta’minoti va markazlashgan sovitish tizimlari faoliyati bilan tanishish orqali malakasini oshirishi belgilangan.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA