Avval xabar qilinganidek, 28 avgust kuni Germaniyaning Shtutgart shahrida o‘z ishini boshlagan O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati kunlarining birinchi kun tadbirlari bo‘lib o‘tdi.

Ayni kunlarda Germaniyada bo‘lib turgan “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi axborot xizmati rahbari Shahzoda Qo‘chqorova bu haqda xabar berdi.

Axborot xizmati rahbarining ma’lum qilishicha, ushbu haftalik  Germaniyaning 4 ta shahrida tashkil etilishi kutilmoqda. Unda 50 dan ortiq O‘zbekiston va Germaniya kompaniyalari ishtirok etmoqda.

– O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati kunlari Germaniya tarixi muzeyi binosining forumlar zalida o‘z faoliyatini boshladi, –dedi Sh.Qo‘chqorova. –Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, ularga yangi imkoniyatlarni yaratish, tashqi bozorga chiqishda ko‘maklashish maqsadida ushbu hamkorlikni yanada kengaytirish haftalikning asosiy vazifasidir.

Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati kunlarida  “Axsan Apparel”, “Yustex”, “Samo”, “Haj tex”, “Bunyodkor Textile”, “Urban Style” kabi mamlakatimizdagi 20 ta korxona o‘z imkoniyatlarini namoyish etmoqda.

Dastlab haftalik doirasida o‘tkazilgan forumda O‘zbekiston xalqaro kompaniyalar uchun yangi to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib beruvchi markazi bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi. “Gherzi” xalqaro konsalting kompaniyasi hamkori Loran Okkuturening O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish yuzasidan taqdim etgan “To‘qimachilik mahsuloti ishlab chiqarishda gigantlar” mavzusidagi ma’ruzasi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Loran Okkuturening qayd etishicha, O‘zbekistonda to‘qimachilik sanoati jadal rivojlanayotgani har qanday xorijiy davlatning orzusidir. O‘zbekistonda paxta-to‘qimachilik klasterlar tizimi dunyoda yagona hisoblanadi va uni boshqa mamlakatlarda uchratib bo‘lmaydi. “Klaster” so‘zi mamlakatda odatiy so‘zga aylangan bo‘lishi mumkin, ammo bu to‘qimachilik sanoati haqidagi tushunchalarni o‘zgartirgan ulkan tizim hisoblanadi.

Shuningdek, forumda O‘zbekiston Respublikasining Germaniyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Nabijon Qosimov ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashda to‘qimachilik sanoatining ahamiyati katta ekanligiga to‘xtalib o‘tdi. “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi Ilhom Haydarov O‘zbekiston Germaniya uchun yuqori sifatli va barqaror to‘qimachilik mahsulotlari yetkazib berishda eng yaxshi “lokatsiya” va “xab” bo‘lishiga urg‘u berdi.

Forumda mamlakatimiz paxta-to‘qimachik klasterlari faoliyatiga alohida e’tibor karatildi. Germaniyalik hamkorlar vertikal integrallashgan ushbu tizimga yuqori baho berib, o‘zbek tomoni bilan  aloqalarni o‘rnatish istagini bildirdi. Shuningdek, forum doirasida ko‘rgazma va V2V uchrashuvlar tashkil etildi.

Kunning ikkinchi yarmida “Moliyaviy imkoniyatlar. Eksport kreditlar”, “Germaniyada moda bo‘yicha trend”, “Standartlar va sertifikatlar, Germaniya / Yevropa Ittifoqi bozoridagi talablar – O‘zbekiston kompaniyalari uchun maslahatlar” mavzularida ma’ruzalar tinglandi. Shundan so‘ng O‘zbekistondan borgan to‘qimachilik korxonalari taqdimotlar orqali o‘z imkoniyatlarini namoyish qildi.

Bugun, ya’ni 29 avgust kuni haftalikning ikkinchi kun tadbirlari tashkil etiladi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA