AQSH Nyu-York shahrida O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov Bosh kotib Antoniu Guterrishga ishonch yorlig‘ini topshirdi.

Suhbat chog‘ida Bosh kotib davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan siyosatni, jamiyatni demokratlashtirish, iqtisodiyotni liberallashtirish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni yuksak baholadi. O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan salmoqli hissasini alohida ta’kidladi. Shu bilan birga o‘zgarishlarni, jumladan, Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda BMT O‘zbekistonga zarur yordam ko‘rsatishga tayyorligini tasdiqladi.

Tomonlar O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbolini, bo‘lajak oliy darajadagi qo‘shma tadbirlar jadvalini muhokama qildilar.

Eslatib o‘tamiz, tayinlovga qadar Ulug‘bek Lapasov O‘zbekistonning BMT vakolatxonasi va Jeneva (Shveysariya)dagi boshqa xalqaro tashkilotlar doimiy vakili lavozimida ishlagan. 40 yoshli bu diplomat Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini, keyinchalik bir qator xorijiy ta’lim muassasalari dasturlarini tamomlagan. Tashqi ishlar vazirligi tizimida stajyor sifatida ish boshlab, so‘ngra markaziy boshqaruv tizimida, xorijdagi diplomatik vakolatxonalarda mehnat faoliyatini olib borgan. 2016 yildan beri maslahatchi, muvaqqat ishlar vakili, elchi maqomiga ega. Fransuz, ingliz, rus tillarida erkin so‘zlashadi.

U.Lapasov 2017 yil may oyidan beri ayni lavozimda ishlab kelgan Baxtiyor Ibragimov o‘rnini egalladi. 2019 yil iyun oyida BMT Bosh Assambleyasi 73-sessiyasida O‘zbekiston ilk bor navbatdagi sessiya raisi o‘rinbosari etib saylandi va ushbu vazifani Baxtiyor Ibragimov mamlakatimizning doimiy vakili sifatida BMT Bosh Assambleyasi 74-sessiyasida 2019 yil sentyabrdan 2020 yil sentyabrgacha bajardi.

O‘zA