O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida Rumiyning “Masnaviyi ma’naviy” asari saqlanadi. Yaqinda institut xazinasidagi Jaloliddin Rumiy asarlari kulliyoti YUNESKOning Jahon xotirasi xalqaro ro‘yxatiga kiritildi.

Shu bois Mavlono asarlari, hayot yo‘li haqida Sharqshunoslik instituti Tarixiy hujjatlarni tadqiq qilish bo‘limi boshlig‘i Sanjar G‘ulomovning fikrlari bilan qiziqdik:

– Jahon adabiyotining buyuk siymolaridan biri, ulug‘ mutafakkir Mavlono Jaloliddin Rumiy (1207-1273) asarlari kulliyoti YUNESKOning Jahon xotirasi xalqaro ro‘yxatiga kiritilishi dunyo miqyosida katta bir voqea bo‘ldi, – deydi S.G‘ulomov. – Mavlono asarlari, nafaqat yuksak badiiyligi, balki ularga singdirilgan kuchli hayot falsafasi bilan ommani o‘ziga rom etib kelgan. Uning “Masnaviyi ma’naviy”, “Devoni kabir”, “Fihi ma fihi” (Ichingdagi ichingdadir), “Mavoizi majolisi sab’a” (Yetti majlis mav’izalari) va “Maktublar”i, mana yaratilganiga yetti asrdan ortiq vaqt o‘tganiga qaramay, ularga bo‘lgan qiziqish, ortsa-ortdiki, lekin aslo susaymadi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti xazinasida Rumiy asarlari qo‘lyozmalari 180 tadan ortiq bo‘lib, XV asr birinchi yarmidan boshlab to XX asrgacha har bir asr davomida, turli mamlakatlarda ko‘chirilgan ajoyib qo‘lyozma nusxalarni uchratish mumkin. Bu, o‘z navbatida, zamon va makon bo‘ylab Rumiy merosiga bo‘lgan kuchli qiziqish hamda ehtiyojning ravshan isbotidir.

Mavlono Rumiy asarlari kulliyotini Jahon xotirasi ro‘yxatiga taqdim etish bo‘yicha ishlar 2017 yil 25-26 noyabr kunlari Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘lib o‘tgan “Jaloliddin Rumiy kulliyotini YUNESKOning Jahon xotirasi xalqaro ro‘yxatiga kiritish yuzasidan munozara majlisi (Meeting for Discussion on the Possible Joint Nomination of Mawlana’s Kulliyat to UNESCO Memory of the World International Register)” bilan boshlangan edi.

Yigirmadan ortiq mamlakat muassasalari, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti o‘z jamg‘armalaridagi Rumiy asarlari qo‘lyozmalarini xalqaro uchrashuvlarda kengashgan holda birlashib, turib “Mavlono kulliyoti” nomi ostida YUNESKOga taqdim etgan edilar.

Mana, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti rahbariyatiga institut fondidagi Rumiy asarlari kulliyoti YUNESKOning Jahon xotirasi xalqaro reyestriga qayd etilganini tasdiqlovchi sertifikat yetib keldi. Bu mamlakatimiz uchun katta bir shodiyona.

Manbalarga tayanadigan bo‘lsak, mutafakkirning Masnaviysi bir qancha yangi asarlarning yaratilishiga ham turki bo‘lgan. Abdurahmon Jomiyning “Sharhi du bayt”(Ikki bayt sharhi), Husayn Voiz Koshifiyning “Lubbi lubobi Masnaviy” (Masnaviydan eng yaxshi saylanmalar), Odina Eshon Xorazmiyning “Miftoh ul-asror” (Sirlar kaliti), Ro‘ziboy Mashrabning “Mabdai nur” (Nurning manbasi) asarlari aynan “Masnaviyi ma’naviy”ga sharh tariqasida yaratilgan edi.

Shu o‘rinda mamnuniyat bilan aytish mumkinki, YUNESKOning e’tirofi bir tarafdan Mavlono Rumiy merosining jahon miqyosida yana bir karra qadrlangani bo‘lsa, ikkinchi tarafdan dunyo olimlarining aniq bir maqsad yo‘lida hamfikr va hamjihatlik bilan amalga oshirgan mehnatlarining ajoyib samarasidir.

Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA