Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga davlat tashrifi mahalliy ommaviy axborot vositalarida keng yoritilyapti.

Xususan, “AzerTAJ” davlat axborot agentligi, “Trend”, “turkustan.az”, “ru.oxu.az”, “report.az”, “hakkin.az”, “caliber.az” singari nufuzli axborot-tahliliy portallar va boshqa elektron hamda bosma ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston rahbarining davlat tashrifi doirasidagi tadbirlarga bag‘ishlangan turkum maqolalar e’lon qilinyapti.

Shu bilan birga, O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabatiga oid batafsil tahliliy sharhlar chop etilmoqda.

“report.az” portali ayni mavzuga bag‘ishlangan sharhida Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O‘zbekiston bilan munosabatni rivojlantirish Ozarbayjon tashqi siyosatida muhim o‘rin tutayotgani, mavjud hamkorlik ko‘lami keyingi yillarda jadal kengayib borayotgani ta’kidlangan.

– Mamlakatlarimiz o‘rtasida 1995 yil 2 oktyabrda diplomatik munosabat o‘rnatilgan bo‘lsa-da, tarixi, dini va madaniyati, ildizi mushtarak ozar va o‘zbek xalqlarini qadimdan an’anaviy do‘stlik, qardoshlik rishtasi bog‘laydi, – deyiladi maqolada. – O‘zbek xalqining zabardast mutafakkiri Alisher Navoiy turkiy tildagi “Xamsa”sini buyuk Nizomiy Ganjaviy “Xamsa”sidan ilhomlanib yozgani bejiz emas.

Materialda Ozarbayjon va O‘zbekistonning tarixiy do‘stligi, qardoshlik munosabati yanada rivojlanib, ko‘p yillik sinovdan so‘ng bugungi darajaga ko‘tarilgani qayd etilgan.

Sharhda Prezidentlar Ilhom Aliyev va Shavkat Mirziyoyev o‘rtasidagi ishonchli, yaqin do‘stona munosabat aloqalarimizni yuksak darajaga ko‘tarishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi urg‘ulangan. Zero, ikkala yetakchi ham rasmiy tashriflardan tashqari turli xalqaro tadbirlar doirasida tez-tez uchrashib turishadi.

“Mushtarak ildizga ega, uzoq tarixga asoslangan munosabat bugun yangi davr voqeligiga mos ravishda jadal rivojlanmoqda. Davlatlarimiz o‘rtasida imzolangan 160 dan ko‘p hujjat, jumladan, Strategik sheriklikni chuqurlashtirish va har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish deklaratsiyasi aloqalarni yanada rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratdi. Ozarbayjon va O‘zbekiston, shuningdek, Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari bilan kun sayin mustahkamlanib borayotgan sheriklik nafaqat davlatlarimiz, xalqlarimiz, balki butun turkiy dunyosi taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shmoqda”, –  deya yakunlanadi maqola.

Ommabop “turkustan.az” portali ham O‘zbekistonning TDT doirasidagi hamkorligi, mamlakatimiz rahbarining turkiy dunyoni mustahkamlashga qo‘shayotgan shaxsiy hissasi haqidagi maqolani mushtariylar hukmiga havola qildi.

– Birdamligimizni, umumiy merosimizni buyuk faylasuflar, me’morlar, rassomlar, shoirlar asrab-avaylagan, – deb yozadi maqola muallifi Aida Eyvazli Gayturk. – O‘zbek ipagi, atlasi ozarbayjonlik kelinlar uchun eng chiroyli libosga, kundalik hayot bezagiga aylangan. Ozarbayjoncha qo‘shiqlar o‘zbek to‘ylarida sevib ijro etiladi. Madaniy merosimizni himoya qilish orqali biz do‘stligimizni turli tajovuzdan himoya qildik.

Muallif, shuningdek, O‘zbekiston qadimiy binolari, tarixdan bizgacha yetib kelgan me’moriy obidalari bilan turkiy dunyo madaniyati beshigi ekanini ta’kidlangan.

– 2022 yil noyabrda jahon sivilizatsiyasi markazi, Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan Samarqand Turkiy davlatlar tashkiloti IX sammitiga mezbonlik qildi, – deyiladi maqolada. – 3500 yildan ortiq tarixga ega qadim Samarqand “Turkiy sivilizatsiya poytaxti” deya atalishi zarurat, qo‘ldan boy berilgan imkoniyatlar o‘rnini bosish demak. Axir, Samarqand azaldan taraqqiyot, madaniyat, ilm-fan, ma’rifat, do‘stlik markazi hisoblangan. Hozir esa ushbu qadimiy kentda – Shayboniylar, Temuriylar, Naqshbandiylar ruhi singgan zaminda turkiy dunyoning ko‘plab masalalari muhokama qilinmoqda, yangi dunyo tuzumida yangi qarorlar qabul qilinishi tarixni ortga qaytarmoqda.

Muallif qayd etishicha, xalqaro tashkilotlar soni, investitsiya ko‘lami, aholi soni o‘sishi sur’ati bo‘yicha O‘zbekiston hozir mintaqada yetakchi sifatida muvozanatni saqlab, an’analarni rivojlantirib kelmoqda.

– O‘zbekiston yetakchisini islohotchi deyish o‘rinli, – deydi Aida Eyvazli Gayturk. – Prezident sababchi bo‘lgan ulkan ijobiy o‘zgarishlar mamlakat taraqqiyoti sur’atini jadallashtirmoqda. Binobarin, turk dunyosi integratsiyasi yo‘lida ilk dadil qadamni tashlagan Shavkat Mirziyoyev o‘z nomini tarixga yozgan yetakchi, desak adashmaymiz. U Amir Temur asos solgan davlatni, o‘zbek xalqini g‘oyat munosib boshqaryapti. Sohibqiron yo‘li va siyosatini sharaf bilan davom ettirib, turkiy dunyoni birlashtirishga, TDT diversifikatsiyasiga xizmat qilyapti.

– Rahbarning uzoqni ko‘ra bilishi pirovard maqsadga erishishda asosiy ko‘makchi, umumiy maqsadni tanlash esa xalqlar va davlatlar uyg‘un rivojlanishi kalitidir, – deb yozadi muallif. – Bunday sa’y-harakat xalqaro tashkilotlarga integratsiyalashuv jarayonini soddalashtiradi. Bugungi kunda O‘zbekiston va Ozarbayjon uzviyligi turkiy davlatlar aro muvozanatni saqlashga ham xizmat qilmoqda. Bir-biriga yaqin qadriyatlar, ma’naviy aloqalarni asrab-avaylash, rivojlantirishda Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyevning xizmati beqiyos.

Ozarbayjon ommaviy axborot vositalari, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 22 avgust kuni Bokuga kelishi, mamlakatimiz delegatsiyasining Ozarbayjon xalqi umummilliy yetakchisi Haydar Aliyev mangu qo‘nim topgan manzilga hamda Shahidlar xiyoboniga tashrifi, oliy darajada tor va kengaytirilgan doirada muzokara bo‘lib o‘tgani xususidagi yangiliklarni tezkorlik bilan yoritib bordi.

O‘zA