Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida 2023-2024 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari yakunlari yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Bilim va malakalarni baholash agentligi direktori M.Karimovning ta’kidlashicha, abituriyentlarni test sinovlari o‘tkaziladigan hududlarga kiritish va shaxsini aniqlashda shaxsni identifikatsiyalash vositalaridan foydalanildi. Buning natijasida boshqa bir shaxslarning abituriyentlarning o‘rniga test sinovlariga kirishi oldi olindi.

–Abituriyentlarga test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasidan kelib chiqqan holda kimyoviy elementlar davriy jadvali, fizika fanidan “Doimiy fizik kattaliklar va shartli belgilashlar jadvali”, shuningdek, kimyo, fizika va matematika fanlaridan asosiy formulalar jadvali berildi, – deydi M.Karimov. – Abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida kimyo, fizika va matematika fanlarida har bir test topshirig‘idan so‘ng misol ishlash uchun ma’lum miqdorda joy qoldirildi. Natijada abituriyentlarga hisob-kitob talab etiladigan misollarni test topshiriqlari kitobining oxiriga ko‘chirib ishlash o‘rniga shu yerning o‘zida ishlash imkoniyati yaratildi.

Shuningdek, eshitishda va nutqida nuqsoni bo‘lgan abituriyentlar uchun test sinovlariga surdo tarjimonlar jalb etildi.

2023-2024 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari natijalariga ko‘ra, 193  ming 421 nafar abituriyent talabalikka tavsiya etildi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA