Ozarbayjonning Boku shahrida shaxmat bo‘yicha o‘tkazilayotgan jahon kubogi bahslari o‘zining yuqori nuqtasiga yaqinlashmoqda.

Kecha jahon kubogi yarim final bahslari yakunlandi. Unda Magnus Karlsen (Norvegiya) Nijat Abasov (Ozarbayjon)ni 1,5:0,5 hisobida dog‘da qoldirgan bo‘lsa, hindistonlik Rameshbabu Pragnanandha AQSH sharafini himoya qilayotgan Fabiano Karuanani 3,5:2,5 hisobida yengib final yo‘llanmasiga ega chiqdi.

Bugun, 22 avgust kuni jahon kubogi finali birinchi turida Magnus Karlsen (Norvegiya) – Rameshbabu Pragnanandha (Hindiston) o‘yin o‘tkazadi.

Ertaga, 23 avgust kuni jahon kubogi finalining ikkinchi turi hamda uchinchi o‘rin uchun Fabiano Karuana (AQSH) – Nijat Abasov (Ozarbayjon) o‘rtasidagi bahslar tashkil etiladi.

Jahon kubogining ayollar o‘rtasidagi musobaqalarida rossiyalik Aleksandra Goryachkina g‘oliblikni tantana qilgan bo‘lsa, bolgariyalik Nurgyul Salimova ikkinchi, ukrainalik Anna Muzichuk uchinchi o‘rinni egalladi.

Eslatib o‘tamiz, jahon kubogida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan shaxmatchi 111 ming, ikkinchi o‘rin sohibi 80 ming, uchinchi o‘rindan joy olgan shaxmatchilar 50 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi.

 

T.RO‘ZIEV,

O‘zA