Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Bo‘zatov tumani inspektorlari tomonidan o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida yovvoyi quyon va bulduruqlarni ovlagan brakonerlar ushlandi.

Jumladan, Taxtako‘pir tumani “Janadaryo” ovul fuqarolar yig‘ini hududida “Niva” rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirilganda fuqarolar Yo.M., X.T. hamda R.M.lar tomonidan hujjatsiz ov miltiq bilan noqonuniy ravishda 1 ta yovvoyi quyon, 4 ta bulduruq ovlangani aniqlandi. Brakonerlardan olingan hujjatsiz ov miltig‘i Taxtako‘pir tumani Ichki ishlar bo‘limiga topshirildi. Mazkur holat yuzasidan sudga yuborish uchun hujjatlar to‘planmoqda.

***

“Mahalla” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tuman bo‘linmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi To‘rtko‘l tuman bo‘limi bilan hamkorlikda “Jayhun” va “Markazobod” mahalla fuqarolar yig‘inlarida ma’naviy tadbir o‘tkazildi.

Kitob insonning yaqin do‘sti, maslakdoshi va bilim manbaidir. Shu sabab xalqimiz uni nonday aziz, mo‘’tabar va muqaddas hisoblaydi. Tadbir ishtirokchilari kitobning inson ma’naviyatining yuksalishidagi roli haqida so‘z yuritdi. Bugungi kunda 9 ta mahallada “Kutubxona burchagi” tashkil qilish maqsadida “Mahalla” xayriya jamoat fondi To‘rtko‘l tumani bo‘linmasi tomonidan 1 million 500 ming so‘mlik 32 dona badiiy kitob topshirildi.

***

“Mahalla” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi va Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan fond xodimlari uchun “Tadbirkorlik – iqtisodimiz tayanchi” mavzusida o‘quv-seminar tashkil etildi.

Seminarda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Nukus shahar bo‘limi mutaxassislari ishtirok etib, “Mahalla” fondi xodimlariga tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishda xodimlarning bilim, ko‘nikma, malakalarini oshirish yuzasidan batafsil tushunchalar berib o‘tdi. O‘quv-seminar ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri