FOTOREPORTAJ

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida xorijda ishlash istagida bo‘lgan aholiga yanada qulay va sifatli xizmatlar taqdim etish maqsadida, “Fuqarolarga ko‘p funksiyali migratsiya xizmatlari ko‘rsatish” markazi binosi ochildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillari, faollar va keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Tadbirda so‘nggi yillarda mamlakatimizda mehnat migratsiyasini tartibga solish, migratsiya geografiyasini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, mehnat migrantlari va ularning oila a’zolari uchun mavjud imkoniyat va imtiyozlar haqida so‘z yuritildi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda xorijda ishlash istagidagi yurtdoshlarimizning bandligini ta’minlash, ularni chet tillari va turli kasblarga o‘qitish, manzilli va xavfsiz ishlarga jalb qilish muhim vazifaga aylangan. Bu borada Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi faol hissa qo‘shmoqda. Jumladan, agentlikning Rossiya, Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Turkiya davlatlarida vakolatxonalari hamda respublikamizning barcha hududlarida filiallari tashkil etilgan.

Shu kunning o‘zida xorijda ishlash istagidagi qoraqalpog‘istonlik fuqarolar bilan agentlik rahbariyatining sayyor qabuli va xorijiy ish beruvchilarning mehnat yarmarkasi o‘tkazildi.

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA