Farg‘ona shahrida Ichki ishlar vazirligining kengaytirilgan hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.

Ichki ishlar va Raqamli texnologiyalar vazirliklariga ikki oy muddatda har bir viloyat-tuman-mahalla kesimida ijtimoiy va kriminogen muammolarni raqamlashtirish orqali “Ijtimoiy vaziyat” axborot tizimini ishga tushirish topshirildi.  

Bunda aholi noroziligiga sabab bo‘layotgan ijtimoiy muammolarning yagona reyestri shakllantiriladi, mas’ul idoralarning kuchi muammoga qarab manzilli yo‘naltiriladi.

Bundan buyon viloyat va tuman ichki ishlar rahbarlari har oyda kamida bir marta tuman va shahar kengashlariga jinoyatchilik ahvoli bo‘yicha hisobot berishi belgilandi.

Ichki ishlar va Raqamli texnologiyalar vazirliklari oldiga aholining barcha tezkor va shoshilinch xizmatlarga murojaatlarini operativ hal qilish maqsadida yagona “112” tezkor raqami va dispetcherlik tizimini ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Ushbu tizim 2024 yil 1 yanvardan Toshkent shahrida, 1 iyulga qadar vodiy viloyatlarida, kelasi yil yakuniga qadar esa barcha tuman va shaharlarda ishga tushirilishi shart.

Shu orqali navbatchilik qismlari faoliyati ham tubdan qayta ko‘rib chiqiladi.

O‘zA