Huquqiy munosabat

O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga muvofiq, ota-ona voyaga etmagan bolalarini ta’minlab turishi shart. Bu borada, aliment undirish xususida Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Javohir Eshonqulov quyidagilarni gapirib berdi.

–Voyaga etmagan bolalarini ta’minlab turish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga asosan aliment undiriladi.

Shuningdek, voyaga etmagan bolalarga aliment to‘lash haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmaganda yoki aliment ixtiyoriy ravishda to‘lanmaganda va ota-onadan birortasi ham aliment undirish to‘g‘risida sudga da’vo yoxud ariza bilan murojaat qilmagan hollarda, vasiylik va homiylik organlari voyaga etmagan bolaning ta’minoti uchun ota yoki onadan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atishga haqlidir.

Nikohdan ajratish to‘g‘risidagi nizo sudda hal etilgunga qadar aliment undirilishi mumkin. Bolaning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasida ota (ona) deb yozilgan shaxsdan aliment undirish to‘g‘risidagi nizo uzil-kesil hal etilgunga qadar sudya shu nizo bo‘yicha undan belgilangan miqdorda vaqtincha aliment undirish to‘g‘risida ajrim chiqarishi mumkin.

Agar voyaga etmagan bolalarini ta’minlab turish haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa, ularning ta’minoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining bir bola uchun — to‘rtdan bir qismi, ikki bola uchun — uchdan bir qismi, uch va undan ortiq bola uchun — yarmisi miqdorida undiriladi. Bu to‘lovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko‘paytirilishi mumkin.

Ayni paytda chet elda istiqomat qilayotgan shaxs to‘lashi lozim bo‘lgan aliment uning qarindoshlari tomonidan amalga oshiriladi. Oila kodeksining 123-moddasiga binoan ota-onasi yo‘q bo‘lgan yoki ulardan ta’minot ololmaydigan voyaga yetmagan nevaralarini ta’minlab turish majburiyati yetarli mablag‘ga ega bo‘lgan bobo va buvi zimmasiga yuklatilishi mumkin.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA