Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar “Yer to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.

Qayd etilganidek, 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasida mulkiy huquqlarning daxlsizligini ishonchli himoya qilish hamda davlat organlarining mulkiy munosabatlarga noqonuniy aralashuvini cheklash, mulkiy, shu jumladan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni so‘zsiz ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Mazkur qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksida servitut shartlari, servitut belgilangan yer uchastkasini bo‘lish, shu maqsaddagi yer uchastkasidagi qurilmalarni saqlash qoidalarini belgilash ko‘zda tutilgan.

Ushbu qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi va O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksi servitut shartnomasi, servitut ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari, servitutni o‘zgartirish, bekor qilish, servitut uchun haq to‘lash, ommaviy servitutni belgilashga oid qoidalar bilan to‘ldirilmoqda.

Bundan tashqari, ijara munosabatlarining ob’ektlariga bo‘lgan huquq va majburiyatlarning boshqa shaxsga o‘tkazilishi tartiblari (qayta ijaraga berilishi) belgilanmoqda, yer uchastkalarini ijaraga berishning tartibi hamda yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki bo‘lgan yer uchastkasiga mulk huquqini bekor qilish hollari aniqlashtirilmoqda.

Shu bilan birga, qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida deputatlarning taklif va tavsiyalari asosida yer uchastkalari ijara munosabatlarining o‘ziga xos xususiyatlari aniq belgilanib, o‘zganing ko‘chmas mulkidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) tartibi yanada takomillashtirildi. Bundan tashqari, loyihada jamoat ehtiyojlari uchun ommaviy servitut belgilanishining aniq mexanizmlari aks ettirildi.

Mazkur qonun loyihasi ijara munosabatlari yanada kengayishiga, servitut belgilash bilan bog‘liq munosabatlar huquqiy jihatdan tartibga solinishiga, yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalari ijarachilari va mulkdorlari huquqlari ishonchli himoya qilinishiga xizmat qiladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA