Ipoteka-bankdan yangi xizmat: mijozlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida valyutalarni mobil ilovalar orqali sotish yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbekistonda yangi bosqichda, xalqchil ruhda amalga oshirilayotgan islohotlarga hamohang tarzda bank tizimida ham yangi mexanizmlar joriy etilib, bir qator islohotlar olib borilmoqda. Xususan, fuqarolarga ko‘rsatilayotgan zamonaviy xizmatlar turlari kengayib, tadbirkorlar va aholi uchun moliyaviy ochiqlik ta’minlanmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 23 martdagi “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Mazkur qaror ijrosi yuzasidan moliya-bank tizimida bank xizmatlari iste’molchilarining huquq va qonuniy manfaatlariga, ayniqsa, hududlarda rioya etish hamda moliya bozorini rivojlantirish, shuningdek, xizmat ko‘rsatish madaniyati va aholining bank tizimiga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2018 yil 1 apreldan e’tiboran jismoniy shaxslar uchun xorijiy valyutani naqd ko‘rinishda yechib olish mexanizmi amaliyotga izchil tatbiq etilmoqda.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muxbiri bu boradagi amaliy ishlar bilan tanishish maqsadida respublikamizdagi nufuzli moliya muassasalaridan biri – “Ipoteka-bank” ATIBda bo‘lib, bank tizimini isloh qilish, mijozlarga zamonaviy bank xizmatlarini taqdim etish borasida olib borilayotgan ishlar, amaliy natijalari bilan yaqindan tanishdi.
– Hozirda bankimiz tomonidan mijozlarga zamonaviy bank xizmatlarini taqdim etish maqsadida xizmat ko‘rsatishning universal shakli tajriba sifatida qo‘llanilmoqda. Ta’kidlash mumkinki, dastlabki natijalarning o‘ziyoq mijoz va bank o‘rtasidagi munosabatlarning yanada yaqinlashganidan dalolat bermoqda. Bankimizda mijozlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida 1 apreldan “Ipoteka-bank”ning mobil ilovasi orqali VISA xalqaro to‘lov kartalariga xorijiy valyutani erkin ayirboshlash imkoniyati yaratildi, – deydi “Ipoteka-bank” ATIBning Valyuta ayirboshlash amaliyotlari maxsus boshqarmasi boshlig‘i Bahrom Otabekov. – Buning uchun mijoz nomiga “Ipoteka-bank”ning istalgan filialida milliy valyutadagi so‘m plastik va VISA xalqaro to‘lov kartasi ochilgan bo‘lsa kifoya. Aytish mumkinki, mijoz ariza berganidan so‘ng VISA xalqaro to‘lov kartasi 1 kun davomida tayyor bo‘ladi.
Hozirda “Ipoteka-bank”ning barcha filiallarida konversion amaliyotlar bo‘limlari mijozlarga samarali xizmat ko‘rsatmoqda. Bu bo‘limlarda jismoniy shaxslarga va yakka tartibdagi tadbirkorlarga VISA xalqaro to‘lov kartasini ochish va ularga hech qanday cheklovlarsiz, qisqa fursatlarda valyuta mablag‘lari sotish va sotib olish yo‘lga qo‘yilgan.
Bugungi kunda “Ipoteka-bank” tizimida 70ta valyuta ayirboshlash shoxobchasi qonunchilikda belgilangan tartib asosida valyuta mablag‘larini qabul qilmoqda. Shoxobchalar valyuta ayirboshlash terminallari bilan ta’minlangan bo‘lib, ular orqali jismoniy shaxslar xalqaro to‘lov kartalariga (VISA) sotib olingan xorijiy valyutani naqd ko‘rinishda yechib olish imkoniyatiga ega.
Hozirda har bir jismoniy shaxs, xususan, yurtimizga tashrif buyurgan sayyohlar xalqaro to‘lov karta orqali 1 kunda 5 ming dollargacha bo‘lgan mablag‘ni naqd ko‘rinishda nafaqat yechib olishi, balki o‘z mablag‘larini mobil ilovalar orqali “Ipoteka-bank” “elektron hamyon”laridan foydalanib masofadan turib boshqarishi ham mumkin. Mazkur amaliyotlar boshqa bank mijozlari uchun ham birdek qo‘llaniladi. Bu uchun VISA tizimida ishlaydigan karta bo‘lsa yetarli. Bundan tashqari, fuqarolar xorijiy valyutani naqdlashtirishda, xohishiga ko‘ra, so‘m ko‘rinishda ham olishlari mumkin.
“Ipoteka-bank” Mehnat filialining valyuta ayirboshlash shoxobchasidamiz. Bu yerda mijozlarga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatilayotgani shohidi bo‘ldik. Xodimlar xushmuomala, namunali kasbiy mahoratga ega ekanligi mijozlar bilan suhbatida ham bilinib turibdi.
– Mana bir necha yildirki, “Ipoteka-bank” mijoziman. Aytish mumkinki, kun sayin bank xizmatlari yanada takomillashib bormoqda, – deydi To‘ychiyev Ismoil. – 200 AQSh dollari kerak bo‘lib qoldi. Bu yerga keldim va hech qanday muammolarsiz qisqa fursatlarda yechib oldim. Bankda yana bir yangilik joriy etilganini eshitib yanada xursand bo‘ldik. Bu mobil ilova orqali dollar sotib olish imkoniyati. To‘g‘risi undan qanday foydalanishdan xabarim yo‘q edi. Hozirgina bank xodimlari bu haqda menga to‘liq tushuntirish berdi. Uyda turib ham so‘m plastik kartamdagi mablag‘ni VISA xalqaro to‘lov kartamga dollar ko‘rinishida o‘tkazishim mumkinligi haqida atroflicha ma’lumotlar berishdi.
“Ipoteka-bank”ning izlanuvchan jamoasi tizimga kreativ yondashadi. Innovatsion g‘oyalar amaliyotga keng tatbiq etilmoqda. Biz bu haqda yanada ko‘proq bilish maqsadida bank mutaxassisiga yuzlandik.
– Yurtboshimizning “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori faoliyatimizning bosh mezoni, – deydi B.Otabekov. – Bankimizning Toshkent shahar filialida respublikada birinchilardan bo‘lib yangi tizim joriy etdik. Bunda mijozlarimizga bir joyning o‘zida ortiqcha ovoragarchiliksiz barcha turdagi bank xizmatlari ko‘rsatiladi. Ya’ni mijoz elektron navbat orqali chaqiriladi va bitta xodim universal tizimda barcha savollariga javob berib, tegishli konsultativ yordam va xizmat ko‘rsatadi.
Bank faoliyatida yana bir muhim yangilik – “Ipoteka-bank” ATIBning Mirobod mini-banki faoliyati bilan bog‘liq. Bu yerda 15 soatlik ish tizimi yo‘lga qo‘yilganiga guvoh bo‘ldik. Endilikda mazkur mini-bank mijozlarga 8:00 dan 23:00 gacha uzluksiz tartibda xizmat ko‘rsatadi.
Darhaqiqat bu yerda amlga oshirilgan islohotlar tahsinga loyiq. Yaxshisi, bu haqda navbatdagi maqolamizda batafsil ma’lum qilamiz.

 

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA