Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, ushbu uchrashuv O‘zbekiston bilan Pokiston o‘rtasida so‘nggi yillarda jadal rivojlanayotgan, do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash tamoyillariga, shuningdek, umumiy tarix, din, an’ana va ma’naviy qadriyatlar mushtarakligiga asoslangan ko‘p qirrali aloqalarning yana bir dalili ekanini alohida ta’kidladi.
Turli darajadagi siyosiy muloqotlar faollashgani qayd etildi. Savdo-iqtisodiy hamkorlik kengayib, o‘zaro savdo hajmi ortmoqda. Ikki mamlakat kompaniyalari va tadbirkorlari tomonidan qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, farmatsevtika, to‘qimachilik, ko‘nchilik, oziq-ovqat va iqtisodiyotning boshqa sohalarida qo‘shma loyihalar tayyorlanmoqda va amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston –Pokiston Ishbilarmonlar kengashi ish boshladi.
Madaniy-ijtimoiy va turistik almashinuvlar, jumladan, mamlakatimizga ziyorat turizmi dasturi doirasidagi sayohatlar kengaymoqda.
Uchrashuvda ikki tomonlama o‘zaro manfaatli aloqalar, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalarga oid hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Harbiy va harbiy-texnik sohalardagi hamkorlik istiqbollari, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikka tahdid solayotgan zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi kurashish, shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish masalalari muhokama qilindi.
Mehmon davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirdi va Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Mamnun Husaynning salomini yetkazdi.
General Q.Bajva O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Qurolli Kuchlarni modernizatsiya qilish va mamlakat mudofaa salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi.
Joriy yil mart oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyaning amaliy natijalari to‘liq qo‘llab-quvvatlandi.
Uchrashuv so‘nggida Pokistonning Quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondoni Pokiston O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashga tayyor ekanini yana bir bor tasdiqladi.