Bismillahir rahmonir rahim!
Muhtaram delegatsiyalar rahbarlari!
Hurmatli Bosh kotib janoblari!
Barchangizni bugun “Ko‘rfaz arab davlatlari – Markaziy Osiyo” oliy darajadagi birinchi sammitida ko‘rib turganimdan g‘oyat mamnunman.
Mo‘’tabar bo‘lgan Makkaning ramziy darvozasi – go‘zal va betakror Jidda shahridagi tarixiy uchrashuvimizni anchadan beri kutayotgan edik.
Ushbu nufuzli anjumanimizni o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqani hamda tadbir yuksak saviyada tashkil etilgani uchun Ikki muqaddas masjid xodimi, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon Bin Abdulaziz Ol Saud A’lo Hazratlari hamda Valiahd, Vazirlar Mahkamasi raisi, birodarimiz Muhammad Bin Salmon Ol Saud Hazrati Oliylari nomlariga bildirilayotgan minnatdorlik so‘zlariga qo‘shilaman.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz mintaqasi xalqlarini azaldan yaqin savdo aloqalari, mushtarak qadriyat va urf-odatlar, eng muhimi, muqaddas islom dinimiz chambarchas bog‘lab turadi.
Movarounnahr va Arabiston diyorlari o‘rtasidagi tarixiy aloqalarni rivojlantirishda buyuk mutafakkir va alloma bobolarimizning beqiyos xizmatlari borligini faxr bilan eslaymiz. “Barcha muhaddislarning peshvosi” – ulug‘ alloma Imom Buxoriy ana shunday siymolardan biridir.
Musulmon dunyosidagi oltita buyuk muhaddisning ikki nafari mintaqamizda tug‘ilib kamol topgani, qadimiy Buxoro esa “Qubbatul Islom” nomi bilan shuhrat qozonganidan g‘ururlanamiz.
Ma’lumki, to‘qqizinchi asr boshida Abbosiylar davlati poytaxtidagi “Donishmandlar uyi” deb nom olgan akademiyada Markaziy Osiyolik 200 dan ortiq allomalar ilmiy faoliyat olib borganlar.
Muso al-Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino kabi ulug‘ allomalarimiz esa bebaho ilmiy asarlarini aynan go‘zal va mukammal arab tilida yaratib, butun dunyoda shon-shuhrat qozonganlar.
Hozirda poytaxtimizda saqlanayotgan muqaddas Mushafi sharif – Usmon Qur’oni o‘lkamiz va arab diyorlari o‘rtasidagi aloqalar qadimiy va teran ildizlarga ega ekanidan dalolat beradi.
Bu kabi ibratli misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.
Biz bunday buyuk umumiy tariximiz va merosimiz zamonaviy munosabatlarimizga mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishi uchun barcha kuchimizni safarbar etishga tayyormiz.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Atrofdagi xavf-xatarlarga qaramay, mintaqalarimiz tinchlik, barqarorlik va taraqqiyot makoni bo‘lib kelmoqda.
Ulkan iqtisodiy, tabiiy va intellektual resurslarga ega bo‘lgan Ko‘rfaz davlatlarining global barqarorlik va energetik xavfsizlikni ta’minlashdagi o‘rni beqiyosdir.
Ayni paytda Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz davlatlari bir-birlariga ishonchli va uzoq muddatli hamkor sifatida qaramoqda.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda O‘zbekistonning Ko‘rfaz mamlakatlari bilan aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilganini mamnuniyat bilan ta’kidlayman. Bugungi kunda yurtimizda yetakchi kompaniya va banklaringiz bilan amalga oshirilayetgan umumiy loyihalar portfeli 20 milliard dollardan ortdi.
Ijobiy tajribalarimizdan kelib chiqib, mintaqalarimiz o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni quyidagi yo‘nalishlarda kengaytirishni taklif etamiz.
Birinchidan. Biz siyosiy sohada keng qamrovli aloqalarni turli formatlarda rivojlantirish tarafdorimiz.
Birodar davlatlarimiz va xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish maqsadida kelgusida ko‘p tomonlama Do‘stlik, mintaqalararo bog‘liqlik va hamkorlik bitimini ishlab chiqish masalasini birgalikda o‘rgansak, ma’qul bo‘lar edi.
Ikkinchi yo‘nalish – yuqori texnologiyalar va investitsiyalar sohasidagi hamkorlikdir.
Biz innovatsiyalar, “sun’iy” intellekt, “yashil iqtisodiyot”, raqamlashtirish, “aqlli qishloq xo‘jaligi”, nano va biotexnologiyalar sohalaridagi hamkorlik platformalari va ishchi mexanizmlarini yaratishimiz kerak.
Shu munosabat bilan, mamlakatlarimiz biznes vakillari ishtirokida Qo‘shma investorlar kengashini ta’sis etishni va uning dastlabki yig‘ilishini Samarqandda o‘tkazishni taklif etaman.
Mintaqamizda Ko‘rfazdagi hamkorlarimiz bilan tuzilgan investitsiya fondlari salohiyatidan unumli foydalanish va yetakchi banklaringiz faoliyatini kengaytirish istagidamiz.
Shuningdek, “yashil energetika” loyihalarini birgalikda amalga oshirish maqsadida alohida “Yo‘l xaritasi” ni qabul qilish muhim, deb hisoblayman.
Bugungi kunda mamlakatimizda ACWA Power, Masdar, Mubadala, TACA, Nebras Power kabi yetakchi kompaniyalar bilan umumiy quvvati 15 gigavattdan ortiq quyosh va shamol stansiyalarini barpo etish hamda energiyani saqlash loyihalarini amalga oshirmoqdamiz.
Kelgusi oyda Saudiya Arabistoni bilan “yashil” vodorodni ishlab chiqarish bo‘yicha yirik loyihaga tamal toshini qo‘yamiz.
Uchinchi yo‘nalish – savdo va transport bog‘liqligini kuchaytirish.
Ko‘rfaz davlatlari bilan erkin savdo rejimini joriy etish, texnik reglamentlarni uyg‘unlashtirish va elektron tijoratni rivojlantirish dolzarbdir.
Bu borada ko‘p tomonlama Savdo bitimini qabul qilish masalasini ekspertlarimiz ishlab chiqishi lozim.
Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun Ko‘rfaz davlatlariga organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish mexanizmlarini tatbiq etishga tayyormiz.
Transport va tranzit sohasida O‘rta transport koridorida eng maqbul tariflarni qo‘llash, mavjud multimodal yo‘laklardan keng foydalanish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni maqsadli subsidiyalash yordamida ko‘paytirishni taklif etaman.
Ko‘rfaz davlatlarini eng yaqin va qulay yo‘l orqali mintaqamiz bilan bog‘laydigan Transafg‘on temir yo‘lini qurish strategik loyihasida sizlarni faol ishtirok etishga chorlab qolaman.
Ushbu yo‘l transport xarajatlari va yuklarni yetkazib berish muddatlarini ikki barobarga qisqartirish imkonini beradi.
Bu yo‘nalishlarda aniq takliflar ishlab chiqib, amalga oshirish maqsadida savdo va transport vazirlarimizning muntazam muloqotini yo‘lga qo‘yish umumiy manfaatlarimizga xizmat qiladi.
Keyingi muhim yo‘nalish – ekologiya va iqlim o‘zgarishlari masalasi. Global Iqlim sammiti bu yil Dubayda bo‘lib o‘tishi Ko‘rfaz davlatlarining mazkur yo‘nalishda erishayotgan yutuqlari xalqaro e’tirofidir.
Shuningdek, Saudiya Arabistonining “Yaqin Sharq yashil tashabbusi” mintaqa ekologik tizimini tubdan yaxshilashga salmoqli hissa qo‘shayotgani tahsinga sazovordir.
Yurtimizda ochilayotgan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti negizida birgalikda xalqaro tadqiqotlar dasturini tayyorlash g‘oyamizni ma’qullaysizlar, deb ishonaman.
E’tiboringizni beshinchi yo‘nalish – turizm sohasiga qaratmoqchiman. Ko‘rfazdan sayyohlar sonini ko‘paytirish maqsadida biz bu davlatlar aholisiga vizasiz tartibni joriy etganmiz.
“Ko‘rfaz – Markaziy Osiyo” yagona vizasiz sayyohlik makonini va turistlar uchun mo‘ljallangan zamonaviy klasterlarni yaratish, qo‘shma turistik mahsulotlarni ko‘paytirish ayni muddao bo‘lar edi.
Bundan tashqari, mintaqalarimiz yetakchi sayyohlik operatorlari forumini 2024 yilda Islom dunyosi turizm poytaxti, deb e’lon qilingan Xiva shahrida o‘tkazishni taklif etaman.
Gumanitar yo‘nalishda davlatlarimizda milliy madaniyat haftaliklari, madaniy meros ko‘rgazmalarini tashkil etish orqali birodar xalqlarimizni yanada yaqinlashtirgan bo‘lar edik.
Hozir O‘zbekistonda yuz mingdan ziyod nodir qo‘lyozmalar saqlanmoqda. Bu borada O‘mon Sultonligi ko‘magida poytaxtimizda yirik loyiha amalga oshirilganini biz minnatdorlik bilan ta’kidlaymiz.
Hurmatli anjuman qatnashchilari!
Biz dunyoda kuzatilayotgan islomofobiya holatlari bilan birgalikda kurashishimiz va bu borada Islom hamkorlik tashkiloti doirasida amaliy qadamlar qo‘yishimiz kerak.
Umuman olganda ushbu tashkilotning mas’uliyati va vazifalarini qayta ko‘rib chiqish vaqti keldi, deb hisoblayman.
Terrorizm, ekstremizm, radikalizm va narkotrafikka qarshi kurashish, yoshlarimizni bu kabi xavf-xatarlar Internet va boshqa vositalar orqali tarqalishidan asrash borasida aloqalarimizni kuchaytirishni davrning o‘zi talab qilmoqda.
Diqqatingizni Afg‘oniston muammosiga qaratishni istar edim. Bu yurtda tinchlik o‘rnatmasdan, nafaqat mintaqamiz, balki global xavfsizlikni ham ta’minlash mumkin emas.
Shu ma’noda, Qatar hukumati va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tashabbusi bilan may oyida Dohada o‘tkazilgan maxsus vakillar ilk uchrashuvlari natijalarini ijobiy baholaymiz.
Umuman olganda, bizning mintaqalarimiz tashabbuskor bo‘lib, katta-katta minbarlardan Afg‘oniston muammolariga butun dunyo e’tiborini jalb etishimiz, afg‘on xalqi hayotini yengil qilishga munosib hissa qo‘shishimiz kerak.
Muhtaram sammit ishtirokchilari!
Bugungi muloqotimiz, bildirilgan fikr-mulohaza va takliflar aloqalarimizning katta salohiyatini ko‘rsatdi.
Mintaqalarimiz endi uchrashmoqda va katta hamkorlik eshigini ochmoqda. Buning uchun birodarimiz Valiahd Muhammad Ol Saud Hazrati Oliylariga yana bir bor alohida tashakkur aytaman.
Bu kabi ochiq va samarali uchrashuvlarni izchil davom ettirish uchun navbatdagi sammitimizni O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qilaman.
Hech shubhasiz, bugungi tarixiy sammitimiz natijalari Ko‘rfaz va Markaziy Osiyo mintaqalari o‘rtasidagi ko‘p qirrali aloqalarni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
E’tiboringiz uchun rahmat.