Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi hamda partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda yangi saylangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqidan kelib chiqadigan partiya va fraksiya oldidagi ustuvor masalalar muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida 87,05 foiz ovoz bilan xalqimiz ishonchi va mehriga sazovor bo‘lgan Prezidentimiz O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida Prezidentlik lavozimiga kirishish oldidan tantanali qasamyod qabul qildi. Mazkur marosimda davlatimiz rahbari nutq so‘zlab, O‘zbekiston uchun kelgusi yillar siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy-gumanitar sohalarda tub burilish va ulkan o‘zgarishlar davri bo‘lishini ta’kidladi.

Xususan, mahalla tizimi barcha islohotlarda markaziy va hal qiluvchi bo‘g‘inga aylantiriladi. Tadbirkorlik uchun yanada qulay imkoniyatlar yaratilib, yangi-yangi ish o‘rinlari ochish, aholi daromadlarini ko‘paytirish, yoshlar va xotin-qizlarni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitish, ularning bandligini oshirish e’tibor markazida bo‘ladi. Aholining ehtiyojmand qatlamlari, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz keksalarni qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan ishlar yangi bosqichga olib chiqiladi.

Shuningdek, Prezidentimiz yoshlarni bilimli, barkamol etib voyaga yetkazishga e’tibor avvalgidan-da kuchayishini, ularga yaratilayotgan imkoniyatlar yanada kengaytirilishini ta’kidladi.

Majlisda deputatlar va partiya faollari fikr va takliflarini bildirdilar.

Yakunda yangilangan Konstitutsiyamiz, Prezidentimiz saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor maqsad va vazifalar mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish va tushuntirish ishlarini olib borish, partiyaning quyi bo‘yinlari va faollari orasida seminarlar tashkil qilish borasida aniq chora-tadbirlar rejasi belgilab olindi.

M.Komilova, O‘zA