Bugun mamlakatimiz tashqi savdo aylanmasida tovarlar eksportining o‘rni beqiyos. Davlatimizning iqtisodiy o‘sishi, valyuta tushumining ta’minotida ham eksport tovarlar muhim ahamiyat kasb etadi. Eksporter korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, ularga o‘z mahsulotlarining dunyo bozorlariga chiqishida amaliy ko‘maklashish maqsadida bojxona organlari mas’ul vakillari tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi boshlig‘i I.Kazakov bojxona qo‘mitasi mas’ul vakili S.Jalilov bilan birga Nukus shahridagi tibbiy buyumlar ishlab chiqaruvchi “NUKUS MED TEX” MCHJ asosidagi qo‘shma korxonada bo‘lib, tashkilot faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Korxona yiliga 250 million dona bir marta foydalaniladigan tibbiy buyumlar, 12 xil turdagi shprits va infuzion sistemalarni ishlab chiqarish quvvatiga ega. 2022-2023 yilning o‘tgan davri mobaynida hukumatimizning tegishli qarorlari asosida Xitoy davlatidan texnologik asbob uskunalarni bojxona to‘lovlaridan jami 3,3 milliard sumdan ortiq imtiyoz qo‘llanilgan holda mamlakatimiz hududiga olib kirilgan. Ishlab chiqarishning eng ilg‘or zamonaviy asbob uskunalarda avtomatik tarzda boshqarilishi hamda unga tajribali mutaxassislarning jalb qilinishi natijasida 700 ming dona mahsulot ishlab chiqaruvchi ushbu korxonada 250 nafar mahalliy aholi doimiy ish o‘rni bilan ta’minlangan.

Ichki bozor talabidan ortgan tibbiy buyumlarning barqaror eksporti ham yo‘lga qo‘yilgan. 2022 yil boshidan shu kunga qadar qiymati 1,1 million AQSH dollariga teng bo‘lgan 38 million dona shprits va infuzion sistemalar Armaniston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlariga eksport qilingan. Korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar uchun zarur hom ashyolarning deyarli 60 foizi mahalliy mahsulotlar. Xitoy, Eron, Qozog‘iston va Rossiya davlatlaridan import qilinayotgan konyula va granulalar esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tasarrufidagi bojxona postlari tomonidan soddalashtirilgan tartibda qisqa muddatlarda rasmiylashtirilmoqda.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA