Bugun Turkiya Respublikasi tarixidagi eng qonli fojialardan biri yuz berganiga yetti yil boʻldi.

2016-yil 15-iyulda respublika armiyasiga sizib kirgan tajovuzkor kimsalar ayovsiz harakatlarni amalga oshirdi. Turk xalqi esa milliy parlamentga hujum qilgan, politsiya maxsus kuchlari qarorgohini yer bilan yakson etgan, oddiy aholi ustiga tank bilan bostirib borgan, jangovar samolyot va vertolyotlardan oʻq yogʻdirgan jinoyatchilar bilan yuzma-yuz qoldi.

Oʻshanda xalq jasorat va qatʼiylik bilan davlatni toʻntarishga uringanlarga qarshi koʻchalarga chiqdi. Kuchli tahdid va bosqinga qaramay, jurnalistlar oʻz faoliyatini davom ettirdi. Millat jipslashdi.

Mazkur sana hamda “Demokratiya va milliy birlik kuni” munosabati bilan Turkiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasida xotira tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda oʻsha mashʼum kunlarda halok boʻlganlar xotirlandi. Marhumlar haqiga Qurʼon tilovat qilindi.

– 2016-yil 15-iyulga oʻtar kechasi mamlakatimiz va xalqimiz oʻzining yaqin tarixidagi eng katta sinovlardan birini boshidan kechirgan, – dedi tadbirda soʻzga chiqqan Turkiya Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar. – Bu xoinona harakat chogʻida Respublikamiz ramzi boʻlgan Turkiya Buyuk millat majlisi binosi terror hujumiga uchragan. Demak, millatimizga qarshi makkorona faoliyat yuritayotgan turli oqimlarga qarshi ogoh boʻlish zarur.

Darhaqiqat, Turkiya jiddiy sinovdan yorugʻ yuz bilan chiqdi. Afsuski, bu yoʻlda koʻplab qurbonlar berildi. 250 fuqaro oʻldirildi, 2000 nafardan ziyod inson jarohatlandi.

Mardlar xotirasini dillarga muhrlagan turk xalqi doimo shahidlar haqiga duoda.

O‘zA