O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida navbatdagi hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Videoselektor tarzida o‘tkazilgan majlisda prokuratura organlari, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Majburiy ijro byurosi xodimlari ishtirok etdi.

Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev boshqargan majlisda  O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi qoida va normalarining so‘zsiz ijro etilishini ta’minlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Konstitutsiya talablarining to‘liq va qat’iy bajarilishini ta’minlash prokuratura organlarining birinchi navbatdagi ustuvor vazifasi ekanligi alohida ta’kidlandi.

Barcha sohalarda nazorat faoliyatini amalga oshirishda, eng avvalo, Konstitutsiyaning davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida to‘g‘ridan – to‘g‘ri va so‘zsiz qo‘llanilishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish zarurligi barcha xodimlarga uqtirildi.

Shu bilan birga, Konstitutsiya normalarini tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov faoliyatida qo‘llashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Bu faoliyatni amalga oshirishda inson huquq va erkinliklari, xususan, shaxsiy, oilaviy siri, uy – joy, mol – mulki daxlsizligini qat’iy ta’minlash, ulardan mahrum qilish yoki cheklashga faqatgina qonuniy asoslarga ko‘ra va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yilishi har bir xodim e’tiboriga yetkazildi.

Shaxsni asossiz ushlash, qamoqqa olish, javobgarlikka noqonuniy tortish, qiynoq va boshqacha tarzdagi tazyiq holatlariga yo‘l qo‘ymaslikning zarur choralarini ko‘rish, bunday qonunbuzilishlarga nisbatan keskin munosabat bildirib borish barcha darajadagi prokurorlarning doimiy e’tiborida bo‘lishi qayd etildi.

Hay’at yig‘ilishida prokuratura organlarining joriy yil birinchi yarim yillik faoliyati yakunlari ham ko‘rib chiqildi.

Prokuratura organlari tomonidan o‘tgan yarim yilda aniqlangan qonunbuzilish holatlari 91 mingdan ortiq nazorat hujjatlarini qo‘llash orqali bartaraf etilgan, 225 ming nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangan.

Prokuror tekshirishlari va dastlabki tergov davomida aybdor shaxslardan fuqarolarga va davlat manfaatlariga yetkazilgan 1,3 trillion so‘mlik zararning undirilishi ta’minlangan.

Nazorat faoliyati bilan birgalikda bevosita prokurorlar sa’y – harakati bilan qisqa muddatda 120 mingdan ortiq ehtiyojmand oilaga har tomonlama ko‘mak berilgan, qariyb 157 ming nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlangan.

19 ming 316 nafar tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklangan, qariyb 18 ming nafarining muammolarini bartaraf etishda ko‘maklashilgan. Natijada 12 ming 469 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishiga erishilgan.

Prokurorlar ko‘magi bilan dolzarb yo‘nalishlarda, jumladan, qurilish, yoqilg‘i – energetika, ekologiya sohalarida tashkil etilgan yangi tuzilmalar faoliyati ham hay’at muhokamasidan chetda qolmadi.

Bosh prokuror o‘ta dolzarb bo‘lgan jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlarini tashkil qilish, tergov sifatini oshirish, korrupsiya holatlarining oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Bu borada erishilgan natijalarni qayd etish bilan birga, mavjud muammolar va yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklarni keskin tanqid qildi.

Shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasi tadbirlarini yanada kuchaytirish, vaziyat barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish, jinoyatga jazo muqarrarligini ta’minlashning barcha choralarini ko‘rish zarurligini qat’iy ta’kidladi.

Aholi muammolarini hal qilish, murojaatlar bilan ishlash masalasi ham hay’at muhokamasidan o‘rin oldi.

Ma’lum bo‘lishicha, xalq bilan ochiq muloqot qilish, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni hal etishga ustuvor ahamiyat qaratilib, hisobot davrida 126 mingdan ortiq murojaat bevosita prokuraturada hal etilgan va 24 ming nafardan ortiq shaxsning buzilgan huquqlari tiklab berilgan.

Yig‘ilishda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Majburiy ijro byurosi faoliyati haqida ham so‘z yuritildi.

Norgul Abduraimova, O‘zA