Prezidentimizning 2022 yil 15 iyundagi “Tabiiy gaz bozorini isloh qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati faoliyatida yangi sahifa boshlandi.

Unga ko‘ra, ushbu tashkilot tabiiy gazni tashish, saqlash va tranzit qilishga ixtisoslashgan yagona magistral gaz uzatish tizimi operatoriga aylandi.

“O‘ztransgaz” AJ axborot xizmati rahbari Shahnoza Ravshanova mazkur qaror ijrosi va joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida tizimda amalga oshirilgan ishlar haqida O‘zA muxbiriga intervyu berdi.

–  “O‘ztransgaz” AJ tizimida 14 ta hududiy va tizim tashkilotlari bo‘lib, ularda 8 mingdan ortiq ishchi-xodim mehnat qilmoqda, –dedi Sh.Ravshanova. –Joriy yilning olti oyi davomida respublika iste’molchilariga qariyb 21 milliard kub metr tabiiy gaz yetkazib berildi.

Qayd etilganidek, davlatimiz rahbarining 2022 yil 15 iyundagi qarori bilan jamiyat tabiiy gazni tashish, saqlash va tranzit qilishga ixtisoslashgan yagona magistral gaz uzatish tizimi operatori hisoblanadi. Unda belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi bo‘yicha tashkilotimizda tizimli ishlar olib borilayotir.

Xususan, bugungi kunda “O‘ztransgaz” AJ 14 ming kilometrga yaqin magistral gaz quvurlariga xizmat ko‘rsatadi. Gaz transport tizimining ishonchli va xavfsiz ishlashini ta’minlash, tabiiy gazni magistral gaz quvurlari orqali tashishdagi yo‘qotishlarni minimallashtirish maqsadida yangi tarmoqlar qurish, mavjudlarini rekonstruksiya hamda modernizatsiya qilish tadbirlari amalga oshirilmoqda. O‘tgan yarim yillikda qariyb 83 kilometr uzunlikdagi yangi magistral gaz quvurlari qurildi.

Jumladan, mamlakatimiz iste’molchilarining aksariyatini tashkil etuvchi Farg‘ona vodiysini tabiiy gaz bilan ta’minlashda muhim tarmoq sanalgan “Farg‘ona-Rishton” MGQning 39 kilometr uzunlikdagi 2-tarmog‘i, shuningdek, gaz transport tizimining modernizatsiya dasturi bo‘yicha 38 kilometr, Sirdaryo viloyatida qurilayotgan quvvati 1500 MVtga teng issiqlik elektr stansiyasini tabiiy gaz bilan ta’minlash uchun 3,4 kilometr magistral gaz quvuri, “Yangi Andijon” GTS hamda unga keltiruvchi 2,2 kilometr gaz quvuri qurildi.

Joriy yil so‘ngiga qadar 117 kilometr magistral gaz quvurlarini qurish hamda 47 kilometr kapital ta’mirlash ishlarini bajarish rejalashtirilgan.

Joriy yilning o‘tgan davrida “Buxoro-Ural”, “Gazli-Nukus”, “Muborak-Kogon”, “Muborak-Zirabuloq” hamda yana qator magistral gaz quvurlarida aniqlangan nuqsonli qismlar almashtirildi. Ayni yo‘nalishdagi ishlar rejaga asosan davom etadi.

1 oktyabrdan shimoldan respublika hududiga import bo‘ladigan tabiiy gaz hajmini o‘lchash maqsadida “Xiva-Beyneu” magistral gaz quvurining 307-kilometrida gaz o‘lchov stansiyasi qurish rejalashtirilgan. Shu kunlarda loyihalashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

2023 yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, “O‘ztransgaz” AJ tarkibida 22 ta kompressor stansiyasi bo‘lib, ularda 43 ta kompressor sexi va 232 ta gaz haydash agregatlari mavjud. 2023 yil 1 iyul holati bo‘yicha 12 ta agregat mukammal, 15 tasi o‘rta va 21 tasi joriy ta’mirlandi. 2023 yilda gaz haydash agregatlarini optimal rejimda ishlatish natijasida 26 milliard so‘m iqtisod qilindi.

Gazni yer ostida saqlash omborlarida olib borilayotgan ishlar xususida to‘xtaladigan bo‘lsak, gazni yer ostida saqlash inshootlariga qariyb 3,5 milliard  kub metr tabiiy gaz jamlash rejalashtirilgan. Ayni kunlarda “Gazli” hamda “Xo‘jaobod” GEOSIlariga 920 million kub  metr tabiiy gaz jamlandi. Hozirda ayni yo‘nalishdagi faoliyat davom etmoqda.

Joriy yilning may oyida qayta sertifikatlashtirish auditini muvaffaqiyatli yakunlash natijasida “O‘ztransgaz” AJ integrallashgan menejment uchun xalqaro va milliy sertifikatlashtirish tizimida ISO 9001:2015, ISO 14001:2015, ISO 45001:2018, ISO 50001:2018 standartlari talablariga muvofiqligi bo‘yicha sertifikatga ega bo‘ldi.

Shuningdek, o‘tgan olti oy davomida “O‘ztransgaz” AJ tasarrufidagi magistral gaz quvurlarining 98 foizi, shuningdek, 413 ta gaz taqsimlash stansiyasi, 23 ta kompressor stansiyasi Milliy geoaxborot tizimiga kiritildi.

Joriy yilning oktyabr oyiga qadar Energiya resurslari va texnologik jarayonlar hisobini monitoring qilishning avtomatlashtirilgan tizimi hamda Tezkor dispetcherlik hisobini yuritish avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish rejalashtirilgan.

Hozirgi kunda mavjud tizim orqali tabiiy gaz 6 texnologik parametr bo‘yicha tadqiq qilinayotgan bo‘lsa, yuqorida nomlari keltirib o‘tilgan tizimlarning joriy etilishi ayni ko‘rsatkichni 64 taga yetkazish imkonini beradi. Bugungi kunda Energiya resurslari va texnologik jarayonlar hisobini monitoring qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish doirasida tizimdagi 7 ta boshqarmada jami 318 dona kontroller va 885 ta gaz hisoblash uskunasi o‘rnatildi.

“Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq xaridlar jamiyat tomonidan elektron ravishda amalga oshirilib kelinmoqda. Natijada sub’ektiv omillarga barham berildi.

Mahalliylashtirish darajasini oshirish, sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish va import hajmini kamaytirish ham muhim masalalardan. Shu sababli, 2022 yil davomida 16,6 million AQSH dollari miqdoridagi valyuta tejaldi.

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida ayni ko‘rsatkich 2,5 million AQSH dollarini tashkil qildi.

Shuningdek, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 38 million kilovatt soat elektr energiyasi kam iste’mol qilingani ham bu borada ko‘rilayotgan choralar tufaylidir.

O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA yozib oldi