Zahiriddin Muhammad Bobur nafaqat o‘zbek xalqi, balki umumbashariy madaniyat vorislari bo‘lgan barcha xalqlar tomonidan yuksak qadrlanadi. Uning “Boburnoma” asari o‘nlab xorijiy tillarga tarjima qilingani, Bobur timsolidagi yuksalish davrining e’tirof etilishi, tan olinishidir. Shuning uchun ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida Bobur Mirzoning hayoti, faoliyati, ijodini yana ham chuqurroq va kengroq o‘rganish, targ‘ibot-tashviqot qilish, yangi manbalarni nashrdan chiqarish borasida aniq vazifalar belgilab berilgan.

OAVda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Italiyaga qilgan davlat tashrifi doirasida “Boburnoma”ning italyan tilidagi nashri taqdimoti bo‘lib o‘tgani haqida ilgari xabar berilgan edi. Ayni kunlarda Toshkent va Andijon shaharlarida Italiyaning “Sandro Tyeti Editore” nashri tomonidan chop etilgan italyan tilidagi “Boburnoma” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tmoqda. Xalqaro Bobur jamg‘armasi rahbari Zokirjon Mashrapov raisligida Andijonda bo‘lib o‘tgan taqdimotda mazkur kitobning dunyoga kelishida italiyalik taniqli turkshunos olim Federiko de Rensi, kirish so‘zi muallifi italyan adibi Franko Kardinining xizmatlari ta’kidlab o‘tildi.

“Boburnoma”ning italyan tilidagi nashri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning so‘zboshisi bilan ochiladi. Unda jumladan, shunday deyilgan: “Boburning o‘lmas ijodi dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilingan. Endilikda uni tengsiz Petrarka va Dante, Mikelandjelo va Bokachcho tilida o‘qish imkoniyati tug‘ilganidan men behad mamnunman. Ishonchim komilki, “Boburnoma” kitobxonlarda katta taassurot uyg‘otadi, ularni zamonaviy global jarayonlarga, insoniyat sivilizatsiyasining tarixi va rivojida ulug‘ shaxslarning tutgan o‘rniga yangicha qarash bilan yondashishga undaydi”.

– Kitobning dunyo boburshunosligidagi ahamiyati shundaki, roman fransuz va ispan tilida bor edi. Portugal va italyan tiliga o‘girilmagan edi. Bu ish tarjimon Festori tomonidan amalga oshirildi, – dedi filologiya fanlari doktori, professor Xamidullo Boltaboyev. – Italyan tilidagi tarjimasi “Boburnoma”ning dunyodagi o‘quvchilar auditoriyasini kengaytiradi. Bilamizki, lotin yozuvi dastlab Italiyada shakllangan. “Rim Papasining yozuvlari yoki Marko Poloning xotiralari kabi biz italyanlar sevib o‘qiymiz” deya ta’kidlagan so‘z boshida Franko Kardini. Buni nafaqat Boburshohga balki o‘zbek tamadduniga berilgan baho deb qarash kerak.

“Boburnoma”ning italyancha nashri bir qator o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Masalan uni ilmiy nashr deyish ham mumkin. Chunki Boburnomadagi jug‘rofiy joy nomlari, amaldorlar ismlari, kasb-hunar, qurol-yarog‘ hatto mevali daraxtlar nomlariga sahifa yon hoshiyasida batafsil sharh berilgan. Yana bir jihati shundaki, unda ilk bor aksariyat Akbarshoh davrida chizilgan 86 ta miniatyuralar matn mazmuniga moslab joylashtirilgan.

Taqdimot marosimida so‘zga chiqqan olim va mutaxassislarning fikricha bunday usul Bobur shaxsiyati va ijodini targ‘ib qilibgina qolmay balki, g‘arb olimlarining sharqqa, bugungi O‘zbekiston va uning xalqiga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirishga ham xizmat qiladi.

“Boburnoma”ning italyan tilidagi nashri yuzasidan Andijonda ilmiy-amaliy muloqot tashkil qilish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Muhammadjon Obidov,

 Elyor Olimov (video), O‘zA