Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida investitsiyalar jalb qilishni yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Qayd etilganidek, bundan to‘rt yil avval “Toshkent – Samarqand”, “Toshkent – Andijon” pullik yo‘llari va “Taxtaqoracha” dovonida pullik tunnel qurish topshiriqlari berilgan. Lekin na loyiha qilish, na investor jalb qilish bo‘yicha haligacha amaliy ishlar boshlanmagan.

Bugungi kunda temir yo‘lda 2,5 mingta yuk vagoni yetishmasligi, mavjud vagonlarning 3,5 mingtasi esa ta’mirtalabligiga qaramay, ularni ko‘paytirish, yo‘llarni modernizatsiya qilish  uchun bor-yo‘g‘i 16 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya o‘zlashtirgan.

Shuningdek, xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirish hajmi o‘tgan yilga nisbatan “O‘zavtosanoat”da 47 foizga, to‘qimachilikda 43 foizga, qurilish  materiallarida 31 foizga kamaygan.

Shu bois, investitsiyalarni jalb qilish va ularni o‘zlashtirishda sustkashlikka yo‘l qo‘yganliklari uchun suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari B.Kamalov, transport vaziri  o‘rinbosari A.Mo‘minov, “Suvta’minot” rahbari S.Saifnazarov, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” raisi H.Hosilov va “Avtoyo‘l” rahbari A.Abduvaliyev lavozimidan ozod etildi.

“O‘zto‘qimachiliksanoati” uyushmasi raisi I.Haydarov, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ raisi B.Jo‘rayev, “O‘zsanoatqurilishbank” raisi S.Annaqlichevga “hayfsan” e’lon qilindi.

O‘zA